250dan ortiq korxonalar “Digital Pulse” raqamli diagnostika vositasidan foydalandi

26-October, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Joriy yilning 24-27 oktabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan "ICTWEEK UZBEKISTAN 2022" axborot texnologiyalari sohasidagi yilning eng yirik tadbiri doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va IT Park bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “DIGITAL PULSE” qo‘shma tashabbusining dastlabki natijalari taqdim etildi.

Ushbu vosita bugunga qadar 250dan ortiq kompaniyalarga biznes-jarayonlarni raqamlashtirish darajasini aniqlashga yordam berdi. Diagnostika natijalari ushbu kichik korxonalar uchun raqamli transformatsiya borasida individual strategiyalariga asos bo‘lib, ularning kuchli va zaif tomonlarini aniqlashtirishda hamda yanada rivojlanish imkoniyatlarini ko‘rsatib berdi. “DIGITAL PULSE” diagnostikadan o‘tgan barcha korxonalarni tahlil qilish imkonini beradi. Jumladan, tahlil quyidagi ma’lumotni berdi: diagnostikadan o‘tgan kompaniyalarning 34 foizida rahbar lavozimida ayollar ishlaydi, korxonalarning 40 foizini esa 35 yoshgacha bo‘lgan rahbarlar boshqarmoqda. Raqamlashtirish darajasi ancha past va o‘rtacha 11 foizni tashkil etdi.

Ushbu muammoni hal qilish uchun BMTTD loyihasi tomonidan DigCom kompetensiyalar ramkasi asosida mamlakatda fuqarolar raqamli kompetensiyalarining rivojlanish darajasini diagnostika qilish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Shuni ta‘kidlash lozimki, raqamli kompetensiyalar raqamli texnologiyalardan tanqidiy, izchil va ijodiy foydalanish qobiliyatini o‘z ichiga olgan asosiy bog‘liq kompetensiyalar sifatida aniqlanadi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Dastlabki olingan ma'lumotlarga qaytsak, ushbu vosita haqida batafsil gaplashaylik.

Raqamli tizimga o‘tmoqchi bo‘lgan kompaniyalar uchun ishni qayerdan boshlashi kerakligini tushunish uchun avval ularning bugungi kunda qayerdaligini aniqlashdan boshlanadi.

“DIGITAL PULSE” – kichik va o‘rta korxonalarga ularning raqamlashtirish darajasini aniqlashga yordam beradigan va raqamli transformatsiya yo‘lida nima qilish kerakligi haqida asosiy tavsiyalar beradigan vositadir. Shuningdek, ushbu vosita korxonalarga raqamli salohiyatni baholashga va faoliyatda mavjud bo‘shliqlarni aniqlashga yordam beradi hamda BMTTD va uning institutsional hamkorlari mamlakatdagi raqamli iqtisodiyot faoliyatini jadallashtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun qanday qo‘shimcha dasturiy choralar ishlab chiqilishi kerakligi haqida ma’lumot jamlaydi.

Ushbu vosita kompaniyalarning diagnostikadan o‘tgandan so‘ng olingan bepul baholash va avtomatik tahlil olish borasidagi ehtiyojni qondiradi, shuningdek, takomillashtirishni talab qiladigan yo‘nalishlar bo‘yicha asosiy tavsiyalarni beradi. Ushbu vosita katta yoki kichik, xizmat ko‘rsatishga yoki mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan har qanday kompaniya uchun foydalidir.

Dastur doirasida kompaniyalarga raqamli faoliyatlarini baholash imkonini beruvchi http://digitalpulse.uz/ onlayn platformasi ishlab chiqildi. So‘rovnomada foydalanuvchilar tanlangan sohalarda o‘z korxonalari to‘g‘risida bir qator savollarga javob berishlari kerak.  Savollar raqamli aloqa, mijozlar bilan raqamli aloqalar, xodimlar va raqamli innovatsiyalar, axborot va AT xavfsizligi, raqamli vositalar orqali kompaniyani boshqarish va raqamli ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish kabi 6 ta asosiy biznes sohalarida tuzilgan.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Berilgan javoblar asosida kompaniyalar tegishli sohalarda raqamlashtirish foiz ko‘rsatkichlari bilan radar diagrammasi shaklida kompaniyaning raqamli profilini avtomatik ravishda baholaydilar va kerak bo‘lgan tezkor choralar bo‘yicha tavsiyalar oladilar. Bu kompaniyalarda biznes-jarayonlarni raqamlashtirish darajasini aniqlashga yordam beradi, shuningdek, yangi biznes g‘oyalar va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Kompaniyani qanday baholash va tavsiyalarni shakllantirish butunlay foydalanuvchilar tomonidan berilgan javoblarga bog‘liq bo‘lganligi sababli, ushbu vosita ma’lumotlarga asoslangandir. Baholash savollari kompaniyalarni nafaqat raqamlashtirishga yo‘naltirish, balki ularni yangi g‘oyalar va yondashuvlarga ilhomlantirish uchun ishlab chiqilgan.

Va eng muhimi, ushbu vositaning xizmatlaridan foydalanish mutlaqo bepul.

“DIGITAL PULSE” tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining “Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasining “Youth Digital Skills” dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va IT Park bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.