Gender stereotiplari qayerdan kelib chiqadi?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tengligi va oila masalalari bo‘yicha komissiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda gender stereotiplari va patriarxal munosabatlarning sabablarini aniqlash bo‘yicha milliy so‘rov o‘tkazmoqda.

15-August, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

2017 yilda O‘zbekistonda gender tengligi borasidagi islohotlar yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Shundan buyon Hukumat ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish hamda gender tengligini ta’minlash masalalarini o‘zining ustuvor yo‘nalishlari qatoriga qo’yib kelmoqda.

Ko‘rilayotgan qonunchilik choralari va gender tengligiga erishish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga qaramasdan, jamiyatda mustahkam ildiz otgan gender stereotiplari va patriarxal munosabatlar bilan bog‘liq bir qator to‘siqlar mavjud. Ushbu norasmiy to‘siqlar ayollar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda; qabul qilingan huquqiy hujjatlarni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlarini kamaytirmoqda, chunki, ular qonunchilikdan ko‘ra ayollarning jamiyatdagi mavqeiga ko‘proq ta’sir qiladi.

Ushbu to‘siqlar ayollar va erkaklar o‘rtasidagi mulk, ish haqqi, kasb tanlash va turli lavozimlarga erishish imkoniyatlari va shu kabi masalalarda davom etayotgan nomutanosiblikni keltirib chiqaradi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Ushbu tadqiqot quyidagilarga xizmat qiladi:

  • tadqiqotning har bir mintaqasi uchun gender stereotiplari va patriarxal munosabatlarning asosiy sabablarini, shuningdek, shahar va qishloqlarda aholi orasidagi kamsitish(diskriminatsiya)ning turli shakllarini aniqlash.
  • axborot va ta’lim jihatdan qo‘llab-quvvatlash, hamda fuqarolar mas’uliyatini oshirish bilan birgalikda viloyat, tuman va mahalla miqyosda tizimli islohotlarni amalga oshirishga turtki berish.
  • faollar va davlat xizmatchilari, xususiy sektorda bo‘lgan shaxslar va guruhlar uchun gender tengligi va stereotiplar bo‘yicha o‘quv kursini, shuningdek, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun maxsus ta’lim dasturlarini ishlab chiqish.

Tadqiqot respublika bo‘ylab teng taqsimlangan va har bir hududning tarixiy, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlarini ifodalovchi viloyatlar markazlari hisoblangan beshta asosiy shaharni qamrab oladi:

  1. Poytaxt – Toshkent viloyati Toshkent shahri.
  2. Farg‘ona vodiysi– Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahri.
  3. Markaziy hudud –Samarqand viloyati Samarqand shahri.
  4. Janubiy viloyat - Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri.
  5. Orolbo‘yi hududi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri.
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Tadqiqot ma’lumotlarini yig’ish uchun maqsadli guruh muhokamalari (MGM) usuli qo‘llaniladi. Maqsadli guruh muhokamalarida ishtirok etish uchun fan-ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash, zo‘ravonlik, qarorlar qabul qilish, yetakchilik va migratsiya sohalarida ish olib boruvchi mahalliy mutaxassislar va turli tuzilmalarning ekspertlari orasidan nomzodlar tanlab olinadi.

Shuningdek, barcha 7 ta yo‘nalishda gender stereotiplarini muhokama qilish uchun bittadan yoshlarga yo‘naltirilgan muhokama guruhi tashkil etilib, unga poytaxt oliy o‘quv yurtlarining faol qizlari taklif etiladi.

Maqsadli guruh muhokamalari bilan bir qatorda mahallalarda onlayn so‘rov o‘tkaziladi. So‘rov respublikaning barcha hududlaridagi mahallalar vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.

O‘rganishlar natijasida butun mamlakat bo‘ylab gender stereotiplari paydo bo‘lishining asosiy sabablarini aniq tasvirlaydigan gender stereotiplari xaritasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tengligi va oila masalalari bo‘yicha komissiyasi, mahalliy hokimliklar, ommaviy axborot vositalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun ham qonunbuzarliklarga qarshi kurashish, ularning oldini olish, shuningdek mamlakatimiz har bir mintaqasining xususiyatlarini hisobga olgan holda gender stereotiplarga qarshi kurash  bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.