“Fuqarolar uchun budjet”ning yangi nashri davlat budjeti ijrosi va iqlim xarajatlari haqida ma’lumot beradi

22-August, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Keng jamoatchilik eʼtiboriga Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan BMTTD koʻmagida tayyorlangan 2022-yilgi Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi “Fuqarolar uchun budjet”ning navbatdagi nashri taqdim etildi. Fuqarolar uchun budjet 2018-yildan boshlab budjet loyihasi asosida, shuningdek, tasdiqlangan va ijro etilgan budjetlar asosida muntazam ravishda e’lon qilinib kelinmoqda.

“Fuqarolar uchun budjet”ning navbatdagi nashrida 2022-yilda Davlat budjeti ijrosi bo‘yicha makroiqtisodiy shart-sharoitlar, budjetga tushumlar, davlat xarajatlari hajmlari va yo‘nalishlari, shuningdek, mahalliy budjetlarning ijrosi va budjet taqchilligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar keltirilgan. 

Mazkur nashr Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish bilan birga, o‘quvchilarni davlat moliyasini boshqarish tizimida joriy etilayotgan yangi yondashuv va vositalar bilan tanishtiradi. Xususan, iqlim o'zgarishiga ta'sir qiluvchi xarajatlarni aniqlash va o'lchashning yangi metodologiyasini sinovdan o'tkazish natijalari (iqlim xarajatlarini belgilash) taqdim etiladi. Ushbu metodologiya BMTTD ko‘magida Fransiya taraqqiyot agentligi bilan qo‘shma tashabbus doirasida ishlab chiqilgan.

Yangi metodologiyani sinovdan o‘tkazish natijalari shuni ko‘rsatdiki, 2022 yilda Davlat budjeti xarajatlarining 12,7 foizi yoki 30 016,3 mlrd. so’m iqlim o'zgarishiga ta'sir ko'rsatadigan deb baholangan, shundan 12,3% ijobiy ta'sir ko'rsatdi va 0,4% iqlim o'zgarishiga salbiy ta'sir ko'rsatdi.

Nashrda 2022-yildan boshlab O‘zbekistonda keng tarqalgan tashabbuskor budjetlashtirish amaliyotiga alohida e’tibor qaratilgan. O‘quvchilar qaysi sohalarda fuqarolar eng ko‘p tashabbus va loyihalarni ilgari surgani, ularning qaysi biri aholi o‘rtasida ko‘proq qo‘llab-quvvatlangani, bu tashabbuslar hukumat tomonidan qanday qo‘llab-quvvatlangani haqida ma’lumot olishi mumkin.

“Fuqarolar uchun budjet” nashrlari keng jamoatchilikni mamlakat budjeti bilan tanishtirishda davom etadi va bu orqali fuqarolarning Davlat budjetini shakllantirish, muhokama qilish va ijrosi jarayonlariga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.