O‘zbekiston BRM obligatsiyalari mablag‘larini taqsimlash va ularning samaradorligiga doir dastlabki hisobotini e’lon qildi

17-November, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

O‘zbekiston hukumati tomonidan BMTTD ko‘magida BRM obligatsiyalarining taqsimoti va ta’siri to‘g‘risidagi dastlabki hisobot ishlab chiqildi va e’lon qilindi. Hisobotda obligatsiyalarni chiqarishdan tushumlar hukumatning taraqqiyot sohasidagi ustuvorliklarga erishishga yordam berishiga oid ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lib, O‘zbekistonning Barqaror rivojlantirish maqsadlariga (BRM) erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlari alohida qayd etilgan.

2021-yilning iyul oyida O‘zbekiston umumiy qiymati 235 million AQSh dollari (o‘zbek so‘mida nominallangan) bo‘lgan BRM suveren obligatsiyalarini muomalaga chiqargan mintaqadagi birinchi va dunyodagi ikkinchi mamlakatga aylandi. Ushbu obligatsiyalar uch yillik muddatga 14 foiz kupon stavkasi bilan chiqarildi. Obligatsiyalar global investorlarning moliyaviy resurslarini yettita sohada (ta’lim (BRM 4), suv resurslarini boshqarish (BRM 6), sog‘liqni saqlash (BRM 3), ekologik transport (BRM 11), ifloslanishni nazorat qilish (BRM 11), tabiiy resurslarni boshqarish (BRM 15) va “yashil energiya” (BRM 7)) BRMga erishishga yo‘naltirilgan davlat loyihalarini amalga oshirishga safarabar etildi. BRM obligatsiyalarining chiqarilishi AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Lyuksemburg, SHveysariya, Daniya, Singapur va Birlashgan Arab Amirliklarining 50ga yaqin investorlarida qiziqish uyg‘otdi.

BMTTD Doimiy vakili Matilda Dimovskaning ta’kidlaganidek, “Ushbu hisobot katta ahamiyatga ega. Unda hukumatning BRM obligatsiyalari orqali jalb qilingan moliyaviy mablag‘lar yordamida odamlar turmushiga kirita olgan haqiqiy o‘zgarishlar aks etgan”.

So‘nggi yillarda BMTTD taraqqiyotni moliyalashtirishning umumiy tizimini mustahkamlashda, davlat mablag‘larini BRM bilan muvofiqlashtirishni ta’minlashda, shaffoflikni ta’minlash va fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtiroki tamoyillarini amalga oshirishda, shuningdek mamlakatning ham ichki, ham tashqi xususiy moliyaviy oqimlaridan foydalanishda hamda taraqqiyot sohasida o‘sib borayotgan ehtiyojlarni qondirish uchun yangi innovatsion moliyalashtirish instrumentlarni joriy etishda O‘zbekiston hukumatiga ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

BMTTD ushbu ishlar doirasida obligatsiyalardan tushumlarni BRMning aniq ko‘rsatkichlari bilan bog‘lash uchun BRM obligatsiyalariga doir Hadli bitimni ishlab chiqishda texnik va ekspert yordam ko‘rsatdi. BRM obligatsiyalarining o‘ziga xosligi nafaqat obligatsiyalar tushumlaridan foydalanishni boshqarishda, balki moliyalashtirilgan loyihalarni monitoring qilish va hisobini yuritish kompleks tizimini yaratishda ham namoyon bo‘ldi.

Xalqaro ekspertlar guruhi BRM bo‘yicha bilimlarni oshirishda, BRM ta’sir standartlarini loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq jarayonlarga, ya’ni buyurtmanoma topshirishdan boshlab, baholash, monitoring o‘tkazish, ma’lumotlar to‘plam va hisobot topshirishgacha bo‘lgan jarayonlarga joriy etishda milliy muassasalarga o‘z ko‘magini ko‘rsatdi. BMT kengaytirilgan jamoasi moliyalashtiriladigan loyihalar kutilgan ta’sirni ko‘rsatishi va ular bo‘yicha hisobot taqdim etish imkoniyati bo‘lishi uchun har bir loyiha yoki dastur bo‘yicha asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari to‘plamini taqdim etish orqali o‘z hissasini kiritdi. Ushbu tashabbusning shaffofligini ta’minlash va samadorligini oshirish uchun hisobotda ko‘rsatilgan hudular bo‘ylab matbuot-turini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, monitoring va hisobdorlik tizimining faoliyatini ta’minlash maqsadida idoralar salohiyatini oshirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilib, tarmoq vazirliklari uchun treninglar tashkil etildi.

O‘zbekiston birinchi BRM obligatsiyalarini chiqarishi mamlakat barqarorligi va farovonligini ta’minlash hamda O’zbekistonning rivojlanish maqsadlariga erishish yo’lidagi moliyaviy bo‘shliqlarni bartaraf etish uchun yangi moliyaviy resurslarni safarbar etish yo’nalishidagi muhim qadamdir. Bu esa BRMga erishishga yo‘naltirilgan davlat dasturlarining uzluksizligini hamda O‘zbekistonda 2030-yilgacha bo‘lgan muddatda barqaror rivojlantirish sohasidagi Kun tartibi o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlaydi.

“BMTTD hukumatning davlat va xususiy moliyani taraqqiyotga yoʻnaltirish boʻyicha saʼy-harakatlarini hamda rivojlanish ehtiyojlarini qondirish va BRMlarga erishish uchun moliyaning yangi shakllari va moliyalashtirish vositalarini izlashda qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor. Biz BRMga yo’naltirilgan, tematik obligatsiyalar chiqarish yoki islomiy moliya vositalarini joriy etishda hukumatga hamrohlik qilishga tayyormiz.”, - deya qo‘shimcha qildi BMTTD Doimiy vakili Matilda Dimovska.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Tashabbus BMTTD tomonidan (yetakchi agentlik) Xalqaro bolalar jamg‘armasi (UNICEF), Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) va BMT Narkotiklar va jinoyat boshqarmasi (UNODC) bilan hamkorlikdagi “O‘zbekistonda Kompleks milliy moliyalashtirish mexanizmini yaratish” BMT qo‘shma dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Dasturning asosiy maqsadi bu joriy islohotlarning taraqqiyotga ta’sirini maksimal darajada oshirish uchun Kompleks milliy moliyalashtirish mexanizmini yaratishdir. Dastur BRM Qo‘shma jamg‘armasi tomonidan, shuningdek yevropa Ittifoqi va quyidagi donor-mamlakatlarlarning to‘lovlari hisobiga moliyalashtirilmoqda: Daniya, Germaniya, Irlandiya, Lyuksemburg, Monako, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya, Ispaniya, Shvetsiya va Shveysariya.