BMTTD tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam bermoqda

5-April, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

BMTTD Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda YuNKTAD/JST Xalqaro savdo markazi bilan hamkorlikda joriy yilning 27-31 mart kunlari savdoni tahlil qilish vositalaridan foydalanish va tashqi bozorlarni baholash boʼyicha besh kunlik trening tashkil etdi. Tadbirda eksportni ragʼbatlantirish masalalari bilan shugʼullanadigan vazirlik va idoralarning 25 nafardan ziyod xodimi, shuningdek, xususiy sektor va nodavlat birlashmalari ishtirok etdi.

Mahsulotlarni yangi bozorlarga eksport qilish geografiyasini kengaytirish potentsial bozorlar toʼgʼrisida chuqur marketing tadqiqotlarini oʼtkazish, xalqaro va mintaqaviy talabni baholash, dizayn, narxni shakllantirish va mahsulotni ilgari surish boʼyicha strategik qarorlar qabul qilishni oʼz ichiga oladi. Bu masalalarni hal qilish muayyan koʼnikmalar hamda moliyaviy va mehnat xarajatlarini talab qiladi. Shu bois savdoni qoʼllab-quvvatlovchi milliy institutlar tadbirkorlarga tashqi bozorlarga chiqish masalalari boʼyicha maslahat bera olishi zarur.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Trening davlat organlari, xususiy kompaniyalar hamda nodavlat uyushmalari vakillarining eksport bilan bogʼliq salohiyati va malakasini oshirishga qaratilib, ularda muayyan mahsulot eksporti toʼgʼrisida miqdoriy maʼlumotlarni tayyorlash uchun onlayn maʼlumot bazalari va bozor tahlili vositalaridan foydalanish hamda mahsulotning eksport salohiyatini baholash koʼnikmalarini takomillashtirishni maqsad qildi.

Tadbirda eksport sohasi uchun masʼul boʼlgan davlat idoralari, xususiy kompaniyalar va nodavlat notijorat birlashmalarining 25 nafardan ziyod vakili ishtirok etdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Trening dasturiga YuNKTAD/JST Xalqaro savdo markazining (XSM) “Markaziy Osiyo savdo axborot portali”, “Trade Map” va “Market Access Map” zamonaviy vositalaridan foydalanish boʼyicha mashgʼulotlar kiritilib, ular savdo sohasidagi dolzarb maʼlumotlarni olish, eksport mahsulotlarining maqsadli bozori, raqobat darajasi, bozorga kirish shartlarini aniqlash, savdo shartnomalari va kelib chiqish qoidalari, shuningdek mahsulot sifati va uni qadoqlashga nisbatan qoʼyiladigan talablarni oʼrganish imkoniyatini beradi. 

Trening doirasida ishtirokchilar, shuningdek, kichik guruhlarda ustuvor mahsulot turlari eksporti toʼgʼrisidagi miqdoriy maʼlumotlar (QEF) asosida qisqacha hisobotlarni tayyorlashni oʼrgandi.

Trening yakunida ishtirokchilar eksportga moʼljallangan mahsulotlarning maqsadli bozorini aniqlash uchun dolzarb savdo maʼlumotlariga ega boʼldi. Shuningdek, ular XSMning “Markaziy Osiyo savdo axborot portali”, “Trade Map” va “Market Access Map” kabi zamonaviy vositalaridan foydalanish boʼyicha zarur koʼnikmalarni egalladi.