Samarqanddagi "Eco Expo Central Asia 2026" va Sakkizinchi GEF Assambleyasida UNDP O‘zbekistonning ishtiroki
31-May, 2026
2026-yil iyun oyida Samarqand shahri ekologiya, iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha dunyoning eng nufuzli xalqaro maydonlaridan biriga aylanadi. Shaharda bir vaqtning o‘zida ikki yirik tadbir - Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ekologik ko‘rgazmasi hamda Global Ekologik Jamg‘arma (GEF) Assambleyasi doirasidagi qator sessiyalar va muhokamalar tashkil etiladi.
Eco Expo Central Asia 2026 Markaziy Osiyodagi eng yirik xalqaro ekologik ko‘rgazmalardan biri bo‘lib, unda atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishiga moslashish, biologik xilma-xillikni saqlash, kimyoviy xavfsizlik va innovatsion ekologik texnologiyalar sohasidagi ilg‘or tajribalar namoyish etiladi. Ko‘rgazma dunyoning turli mamlakatlaridan ekspertlar, olimlar, davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, biznes vakillari va fuqarolik jamiyati faollarini bir maydonga jamlaydi.
Ko‘rgazmaning muhim tadbirlaridan biri 2-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan “Barqarorlik orollari: Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzasida ekotizim xizmatlarini saqlab qolish” mavzusidagi maxsus sessiyadir. Unda Orolbo‘yi mintaqasida ekotizimlarni tiklash va saqlash, biologik xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda hududda barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan amaliy yechimlar va hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinadi.
3-iyun kuni esa “Biologik xilma-xillikni moliyalashtirish” akademik modulining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Ushbu yangi ta’lim tashabbusi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda biologik xilma-xillikni saqlash va tabiatni muhofaza qilish sohasida faoliyat yuritadigan mutaxassislarning moliyaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan. Tadbir davomida modulning maqsadlari, o‘quv dasturi va uning yashil iqtisodiyot hamda tabiatni moliyalashtirish sohasini rivojlantirishdagi ahamiyati taqdim etiladi.
Shu kuni “O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalar hayotiy siklini boshqarishni kuchaytirish: milliy yutuqlar, hamkorlik va istiqboldagi vazifalar” mavzusidagi sessiya ham tashkil etiladi. Muhokamalar davomida mamlakatda kimyoviy moddalarni boshqarish tizimini takomillashtirish, mavjud muammolarni hal etish, xalqaro tajriba almashish va kelgusidagi ustuvor vazifalar ko‘rib chiqiladi.
4-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan “Mahalliy ekologik yechimlarni kengaytirish: O‘zbekistondagi GEF Kichik Grantlar Dasturi tajribasi va natijalari hamda 8-fazaning ishga tushirilishi” mavzusidagi sessiyada esa mahalliy hamjamiyatlar tomonidan amalga oshirilgan ekologik tashabbuslar, erishilgan natijalar va yangi rivojlanish imkoniyatlari taqdim etiladi. Tadbir GEF Kichik Grantlar Dasturining mamlakatdagi samaradorligi va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarini namoyish etadi.
Samarqandda bo‘lib o‘tadigan yana bir muhim xalqaro voqea - Sakkizinchi GEF (Global Ekologik Jamg‘arma) Assambleyasidir. Har to‘rt yilda bir marta tashkil etiladigan ushbu nufuzli forum ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda. Assambleya ekologik moliyalashtirish, global ekologik siyosat va barqaror rivojlanish bo‘yicha xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiladi.
Sakkizinchi GEF Assambleyasi doirasida 3-iyun kuni “O‘zbekistonda kimyoviy moddalar va chiqindilarni oqilona boshqarish orqali Stokgolm konvensiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi tadbir tashkil etiladi. Unda xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish, atrof-muhit hamda aholi salomatligini himoya qilish, xalqaro ekologik majburiyatlarni bajarish va barqaror rivojlanishga erishish masalalari muhokama qilinadi.
4-iyun kuni esa “Ekologik yo‘laklardan hamjamiyatlargacha: Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiat va barqaror landshaftlar uchun mintaqaviy qarash” mavzusidagi sessiya bo‘lib o‘tadi. Tadbir biologik xilma-xillikni saqlash, noyob va yo‘qolib borayotgan hayvonot turlarini muhofaza qilish, transchegaraviy ekologik yo‘laklarni rivojlantirish hamda mahalliy hamjamiyatlarning tabiatni asrashdagi roliga bag‘ishlanadi.
| Sana | Tadbir | Mavzu | Tadbir o‘tkazilish joyi |
|---|---|---|---|
| 2-iyun 2026 | Eco Expo Central Asia 2026 | Barqarorlik orollari: Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzasida ekotizim xizmatlarini saqlab qolish | Expo Center, Silk Road Samarkand |
| 3-iyun 2026 | Eco Expo Central Asia 2026 | Biologik xilma-xillikni moliyalashtirish akademik modulining rasmiy taqdimoti | Expo Center, Silk Road Samarkand |
| 3-iyun 2026 | Eco Expo Central Asia 2026 | O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalar hayotiy siklini boshqarishni kuchaytirish: milliy yutuqlar, hamkorlik va istiqboldagi vazifalar | Expo Center, Silk Road Samarkand |
| 4-iyun 2026 | Eco Expo Central Asia 2026 | Mahalliy ekologik yechimlarni kengaytirish: O‘zbekistondagi GEF Kichik Grantlar Dasturi tajribasi va natijalari hamda 8-fazaning ishga tushirilishi | Expo Center, Silk Road Samarkand |
| 3-iyun 2026 | Eighth GEF Assembly | O‘zbekistonda kimyoviy moddalar va chiqindilarni oqilona boshqarish orqali Stokgolm konvensiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash | Emerald Hall, Samarqand Kongress markazi |
| 4-iyun 2026 | Eighth GEF Assembly | Ekologik yo‘laklardan hamjamiyatlargacha: Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiat va barqaror landshaftlar uchun mintaqaviy qarash | Emerald Hall, Samarqand Kongress markazi |