"Umidani chaqiring": qizlar va ayollar uchun ko'chalar xavfsizligini oshirish tashabbusi

15-September, 2022

“Umidani chaqiring” ijtimoiy reklamasining e'lon etilishi

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

G’oya qanday paydo bo’ldi

So'nggi bir necha yil ichida O'zbekiston hukumati gender tengligi masalasini o'z kun tartibida birinchi o'ringa qo'ydi. Ustuvor masalalar jumlasiga gender asosidagi zo'ravonlikka qarshi kurashish, davlat va xususiy sektorda hamda oliy ta'lim muassasalarida rahbar lavozimlarida ishlaydigan ayollar sonini ko'paytirish kiradi.

Hukumatni gender tengligi va ayollar huquqlarini kengaytirish borasidagi maqsadlariga erishishda qoʻllab-quvvatlash maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi xususiy kompaniyalar bilan gender sohasidagi institutsional oʻzgartirishlar, genderga oid stereotiplarga qarshi kurash va gender asosidagi zoʻravonliklarning oldini olish sohalarida hamkorlik qilib kelmoqda. BMTTD (Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi) ayollar huquqlarini himoya qilish, ilgari surish va amalga oshirishdagi siyosati va amaliyotlarda ko‘p qirrali yondashuvni qo‘llaydi hamda o‘z faoliyatining barcha jabhalarida gender nuqtai nazarini hisobga oladi.

BMTTD O'zbekiston Akselerator Laboratoriya jamoasi

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Gender asosidagi zo‘ravonlikni kamaytirish bo‘yicha ana shunday tashabbuslardan biri BMTTDning O‘zbekistondagi Akselerator laboratoriyasida ishlab chiqildi va amalga oshirildi, u dunyoning 115 mamlakatida ahamiyatli rivojlanish natijalariga erishish uchun innovatsion yondashuvlarni sinovdan o‘tkazuvchi 91 ta g‘oya inkubatorlari tarmog‘ining bir qismidir. 2021-yil noyabr oyida BMTTDning O’zbekistondagi Akselerator Laboratoriyasi gender bilan bog‘liq muammolarni hamkorlikda o‘rganish uchun jamoaviy idrok sessiyasini tashkil qildi.

Bu ishda ayollarga nisbatan zo'ravonlik bilan bog'liq eng dolzarb va hayotiy mavzularni ko'taruvchi nufuzli ijtimoiy media platformalaridan biri "Sukut saqlama" platformasi ishtirok etdi. Platformani tezkor baholash ishlari, ko'plab xabarlar, ayniqsa so'nggi bir necha oy ichida tushgan xabarlar, ko'cha ta'qiblari va haqoratlar bilan bog'liq ekanligini ko’rsatdi. Platformada ko'plab qizlar va ayollar ko'chalarda, ayniqsa kechki paytlarda yurganlarida, o'zlarini jiddiy xavf ostida his qilganliklarini va tez-tez ta'qibga uchraganliklarini ma’lum qilishgan. Ko'pchilikning aytishicha, ularni ta’qib qilishgan, ularga tegajog’lik qilishgan, jismoniy, jinsiy, og'zaki va/yoki psixologik zo'ravonlikka uchragan. Ba'zi hollarda hatto yosh qizlarga nisbatan haqoratlar va ta'qiblar bo'lgan.

STOP Street Harassment (SSH) xalqaro notijorat tashkilotiga ko'ra, gender asosidagi ko'cha ta'qibi jamoat joyida notanish odamga qaratilgan nomaqbul izohlar, imo-ishoralar va harakatlarni o'z ichiga oladi.  Bundan tashqari, Action Aid UK tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, ko'cha zo'ravonligi ayniqsa shahar madaniyatida keng tarqalgan. Action Aid UK ma'lumotlariga ko'ra, dunyo bo'ylab ayollarning katta qismi o'z shaharlari ko'chalarida zo'ravonlikka duchor bo'ladi. Braziliyada ayollarning 89%, Tailandda 86% va Hindistonda 79% ta'qib va ​​zo'ravonlik (abyuz) haqida xabar berganligi ko'rsatilgan.

O‘zbekistonda ko‘chalarda gender asosidagi ta’qiblar haqida ma’lumotlar hozircha mavjud emas. Biroq, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar va alohida xabarnomalarga tayanib shuni aytish mumkinki, bu muammoni shoshilinch choralar ko‘rish va jamiyatning turli qatlamlari e’tiborini jalb qilish orqali hal etish zarur.

BMTTDning O‘zbekistondagi Akselerator Laboratoriyasi ko‘cha ta’qiblari muammosiga qarshi innovatsion yechimlarni ikkita asosiy taxminga tayngan holda izladi, bular: 1) zo‘ravon va jabrlanuvchi o‘rtasida yaqin munosabatlarning mavjud emasligi; va 2) zo’ravonlik harakatining to’satdan sodir etilishi va qisqa muddat davom etishidir. Shunday qilib, xavfsiz joy bilan ta'minlash orqali ranjituvchi yoki ta’qib qiluvchidan jismonan ajratish chorasi eng samarali yechim bo'lishi mumkin.

Dunyoning ko'plab mamlakatlarida ushbu turdagi yechim fuqarolik jamiyati, NNT (nohukumat tashkiloti) va faol ayollar tomonidan amalga oshiriladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari to'g'risidagi o'zining murakkab qonunchiligiga ega bo'lgan O'zbekistonda, BMTTD quyi pog’onadagi tashabbusni ilgari surdi. Hamkorlik bunday tashabbus muvaffaqiyatining asosiy omili bo‘lishini inobatga olib, mahalliy hamkorlarning mavjud yoki mavjud emasligi hamda ularning Toshkent shahrini xavfsiz hududlar bilan ta’minlash va bu tashabbusni mamlakatning boshqa hududlarida yoyishga bo’lgan qiziqishi o‘rganib chiqildi.

Fotosurat: Human Rights Watch

Manfaatdor tomonlar oʻrtasida oʻtkazilgan dastlabki soʻrovlar va suhbatlar natijalari asosida “Umidani chaqiring” deb nomlangan tajribaviy tashabbus ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Umida "umid, ishonch" degan ma'noni anglatadi va u qizlar uchun tanlanadigan ismdir; bu holda odam ko'chada ta'qibga uchraganida uni xavfsiz joyda qo'llab-quvvatlashlariga umid bildiradi.

Tashabbus qanday ishlaydi

Agar kimdir ta'qibga duchor bo'lsa va hamkorlarga tegishli joylardan birida kod so'zini ishlatsa, bundaylarga yordam va o'zlarini ta'qibchidan jismonan himoya qilish uchun xavfsiz joy taqdim etiladi.  Tinch va xavfsiz muhitda u: a) kutib turish va o'zini xatardan xavfsiz his qilganda chiqib ketish; b) qarindoshlariga/do'stlariga qo'ng'iroq qilish yoki c) agar jiddiy xatar mavjudligini his qilsa - militsiyani chaqirtirish borasidagi qarorga kelishi mumkin. Agar bu yordam so'rab murojaat qilgan yosh bola bo’lsa, rahbariyat xodimga darhol ota-ona bilan bog'lanishni tavsiya qiladi.

"Umidani chaqiring" tashabbusi hech qanday huquqiy, psixologik yoki psixiatrik yordam ko'rsata olmaydi, lekin u jabrlanuvchilar borib yordam so'rashlari mumkin bo'lgan xavfsiz joylarni taklif qilishni maqsad qilgan. Ushbu xizmatlarga muhtoj bo'lganlar uchun ularni qayerdan topish mumkinligi haqidagi foydali ma'lumotlar keltirilgan varaqalar mavjud.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Xususiy sektorni jalb qilish

Tashabbus korporativ sektor va fuqarolik jamiyati uchun O‘zbekistondagi ijtimoiy masalalar yechimini topishda ishtirok etish imkonini beradi. Ushbu tashabbus, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Biznes va inson huquqlari bo‘yicha asosiy tamoyillari hamda tadbirkorlik sub’ektlarining ayollar huquqlarini rag‘batlantirish va hurmat qilinishini ta’minlash sohasida o’ynashi mumkin bo’lgan rol inobatga olinib, Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan ko‘plab xususiy kompaniyalarga taklif etildi.

 Birinchi qadam sifatida biz shaharning turli hududlarida joylashgan oziq-ovqat do‘konlari, qahvaxonalar va dorixonalar kabi eng mashhur xususiy kompaniyalar bilan bog‘lanishga qaror qildik. Tashabbusimizni muhokama qilish uchun eng yirik va mashhur savdo tarmoqlaridan biri – “Korzinka” rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etdik. Bizga iliq javob berilishi barobarida, #CallUmida tashabbusiga qo'shilish istagi bildirildi.

Korzinka.uz bilan o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi marosimi

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Tashabbus haqida xabardorlikni oshirish uchun jamoa shuningdek, ommaviy axborot vositalarining keng doirasi vakillari bilan bog'lanildi va ijtimoiy reklama (IR) roligini suratga olishni ishlarini tashkillashtirdi. “Sukut saqlama” elektron media platformasi asosiy axborot hamkoriga aylandi. Ayni paytda biz logotiplar va vizual materiallar dizayni ustida ish olib bordik. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi butun jamoasi bu tashabbusning ahamiyati va olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlardan ilhomlanib, sa’y-harakatlarini  birlashtirdi.

"Umidanig chaqiring" tashsabbusi logotipi

Surat: BMTTD O'zbekiston

Tashabbus 2022-yil 4-martda Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida ayollar huquqlari va xavfsiz shaharlar va makonlarga ega bo‘lish muhimligi haqida xabardorlikni oshirish kampaniyasi doirasida boshlangan. Mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari tashabbusni ishga tushirishda faol ishtirok etib, gender asosidagi ko‘cha ta’qiblarining salbiy ta’siri haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Tashabbusga birinchilar qatorida qo'shilgan hamkorlar yirik supermarketlar tarmoqlari, restoranlar, kompyuter o'yinlari klublari, dorixonalar tarmoqlari, jamoat markazlari va ilmiy doiralar bo'ldi. Mahalliy nufuzli shaxslar munozaralarga qo'shildi va o'z tarmoqlarida tashabbus haqida ma'lumot bilan almashishdi. Muhim mavzu atrofida turli guruhlarga mansub odamlarni birlashtirish va jalb qilishda ijtimoiy tarmoqlarning kuchi yaqqol namoyon bo‘ldi va keng jamoatchilikni jalb qilishning eng muhim vositalaridan biriga aylandi. Tashabbus mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida ham katta e'tiborga sazovor bo'ldi va hatto milliy televideniyeda namoyish etildi.

Fotosurat: gazeta.uz

Amalga oshirish ishlari va keyingi faoliyat

Mahalliy hamkorlar tarmoq foydalanuvchilarini yetkazilishi mumkin bo’lgan zarardan himoya qilish bo'yicha tavsiyalarni to'g'ri qo'llashlari uchun bir qator o'quv videolari tayyorlandi va tarqatildi. Bundan tashqari, birinchi yordam bo'yicha qo'llanma tayyorlandi va barcha xavfsiz markazlarga tarqatildi. Toshkent shahrida va undan tashqarida 200 dan ortiq xavfsiz joylarning joylashuvi ko‘rsatilgan xarita tayyorlanib, www.CallUmida.uz veb-saytiga joylashtirildi. Tashabbus tarafdorlaridan biri qulayroq foydalanish uchun Telegram messenjerida aniq manzillar ko‘rsatilgan chat-bot-ni yaratdi.

 “Umidani chaqiring” tashabbusi tez orada mashhur bo‘lib, ko‘pchilikka ma’lum bo‘ldi. Hatto ishga tushirilgandan keyingi birinchi oy ichida ham biz ishtirok etish istagi bildirilgan ko’plab maktublarni oldik. Universitet talabalari va alohida shaxslardan minnatdorchilik so’zlari izhor etilgan ko’plab maktublar kelib tushdi, gender asosidagi ko'cha ta’qiblari va shaharlarimizni qizlar va ayollar uchun xavfsizroq qilish bo'yicha muhim sa'y-harakatlarni muhokama qilish uchun forum tashkil qilish so'raldi.

Loyiha boshlanganidan olti oy o‘tgach, hamkor kompaniyalarning 1700 dan ortiq xodimlari gender asosidagi ko‘cha ta’qiblaridan jabrlanganlarga yordam berish bo‘yicha “Birinchi yordam” mashg’ulotlaridan o’tishdi. Bugungi kunga qadar biz 57 ta ariza qabul qildik va hamkorlik to’g’risidagi 17 ta bitimni rasmiylashtirdik, yana bir nechta bitm rasmiylashtirish arafasida.

callumida.uz saytidan olingan surat

Surat: BMTTD O'zbekiston

 “Umidani chaqiring”da hamisha ko‘ngillilar uchun joy bor. Bugungi kunga qadar bizda 62 nafar ko‘ngillilar tarmog‘i mavjud bo‘lib, ular “Umidani chaqiring” tashabbusning fidoyi tarafdorlari va ma’lumotlarni tarqatishga o‘z hissalarini qo‘shishdan xursandlar. Aprel oyining birinchi haftasida, Xalqaro ko‘cha ta’qiblari  bilan kurash haftaligida biz joylarda, xavfsiz joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini o‘tkazdik, ko’ngillilar “Call Umida” va uning faoliyati haqida ma’lumotni hududga tashrif buyurganlar va o’tkinchi yo’lovchilar bilan o‘rtoqlashdilar. Mahalliy nufuzli shaxslarning ushbu aksiyadagi ishtiroki unga qo’shimcha kuch baxshida etdi, ular aksiyani qo'llab-quvvatladilar va o'zlarining axborot kanallari orqali "Umidani chaqiring" tashabbusi haqidagi ma'lumotlar bilan o'rtoqlashdilar va bu bilan yuzlab ming obunachilarini boxabar qildilar.

Ko‘cha ta’qiblariga qarshi kurash haftaligi doirasidagi “Umidani chaqiring” axborot aksiyasi

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Toshkentdagi markaziy istirohat bog‘ida BMT vakillari tomonidan tashkil etilgan bayram tadbirida ko‘ngillilar ko‘cha ta’qiblari va tashabbus maqsadlari haqida xabardorlikni oshirishga yordam berishdi.

Toshkent shahridagi Markaziy istirohat bog‘ida Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan ma’rifiy aksiya

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Reaksiya haqida fikr yuritar ekanmiz, tashabbus o'z vaqtida va dolzarb ekanligini ko'rmoqdamiz. Shuningdek, biz “Umidani chaqiring” tashabbusi ko’lamini kengaytirish imkoniyatlari mavjudligiga amin bo’lmoqdamiz. Masalan, biz hozirda gender asosidagi ko‘cha ta’qiblari eng ko‘p uchraydigan joylarning interaktiv xaritalarini yaratishga yordam beradigan so‘rovni o’tkazishga kirishmoqdamiz. Ushbu xarita asosida mahalliy hokimiyat organlari Toshkent shahridagi aholi punktlarining xavfsiz va xavfli qismlari haqida ma’lumot olishlari, kelgusida aholi orasida targ’ibot ishlarini olib borish va ko‘cha chiroqlari va kuzatuv kameralarini o‘rnatish kabi mahalliy tadbirlarni amalga oshirishlari mumkin.

Hulosa va saboqlar

Olti oy davomida tashabbusni amalga oshirish bo’yicha olib borilgan ishlar bizga quyidagi xulosalar va saboqlarni chiqarishga yordam berdi:

  1.  “Umidani chaqiring” javob mexanizmlari monitoringi shuni ko'rsatdiki, o'qitish mexanizmini qayta ko'rib chiqish, vizual eslatmalarni ishlab chiqish va qayta tayyorlash vositasi sifatida xodimlarga tarqatish kerak.
  2. Tashabbus uchun maxsus axborot kanali hamda targ'ibot va xabardorlikni oshirish uchun mas'ul bo'lgan guruhga ega bo'lish foydadan holi bo’lmaydi.
  3. Nogironlar uchun yanada qulayroq bo'lishi uchun kampaniyaning inklyuzivligi yanada takomillashtirilishi kerak.
  4.  “Umidani chaqiring” tashabbusi jamiyatdagi gender sohasidagi zo‘ravonlik bilan bog’liq boshqa dolzarb muammolar va ularni bartaraf etishning ahamiyatini belgilab berdi va o’rtaga qo’ydi.   

#CallUmida tashabbusi haqida koʻproq bilish uchun callumida.uz saytiga tashrif buyuring