UNDP va Yaponiya Orolbo‘yi mintaqasida iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish uchun suvdan samarali foydalanishga ko‘maklashmoqda

30-September, 2026
UNDP Uzbekistan

Qoraqalpog‘istonda har bir qishloq xo‘jaligi mavsumi bitta savol bilan boshlanadi: suv yetadimi? Amudaryo butun respublika uchun yagona chuchuk suv manbai bo‘lib, qurg‘oqchil yillarda deltagacha juda kam suv keladi. Ekish va o‘suv davrida suv yetishmaganda dalalar ekilmay qoladi, hosildorlik pasayadi, shimoliy tumanlarda esa ekinlar butunlay nobud bo‘lishi mumkin.

Bunda mavjud suvning hammasidan foydalanilmaydi. Eski tuproq kanallarda sug‘orish suvining katta qismi dalaga yetib bormasdan yo‘qotiladi, milliardlab kub metr drenaj suvlari esa har yili cho‘l pastliklari va ko‘llarga oqib ketadi.

Ushbu muammolarning yechimini topish milliy ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Orol dengizining qurishi ko‘p yillik noto‘g‘ri qarorlar oqibati bo‘lganini ta’kidlab, Orol faqat ekologik fojia ramzi bo‘lib qolmasligi, balki ekologik yechimlarni joriy etish maydoniga aylanishi kerakligini ta’kidladi.

Qishloq joylarda mavjud suvdan samarali foydalanishga ko‘maklashish maqsadida BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) O‘zbekistonning Orolbo‘yi mintaqasidagi to‘rtta tumanida: Bo‘zatov, Kegeyli, Chimboy va Qorao‘zakda suv resurslarini barqaror boshqarish va suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha bir qator treninglar o‘tkazdi. Treninglar mahalliy va xalqaro ekspertlar, tuman hokimliklari vakillari, shuningdek, 300 ga yaqin fermer, dehqon va mahalliy aholini birlashtirdi.

Ishtirokchilar Qoraqalpog‘istonda suv taqsimoti bilan bog‘liq asosiy muammolarni va Amudaryo va magistral kanallardan tortib fermerlar dalalarigacha bo‘lgan butun yo‘lda suv isrofini kamaytirishning amaliy usullarini muhokama qildi. Mutaxassislar kanallarni betonlashtirish va quyosh energiyasi bilan ishlaydigan avtomatlashtirilgan suv xisoblagichlardan tortib, yomg’irlatib suvg’orish hamda datchiklarga asoslangan aqlli sug‘orishgacha bo‘lgan zamonaviy suv tejovchi yondashuvlarni taqdim etdilar. Ushbu texnologiyalar, shuningdek, suv nasoslari tomonidan isteʼmol qilinadigan elektr energiyasini kamaytirish va tuproqning shoʻrlanishini cheklash imkonini beradi.

“Kanallarni modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish Qoraqalpog‘istonda suvni 30-40 foizgacha tejash imkonini beradi. Buning uchun kanallarni shunday rekonstruksiya qilish kerakki, ulardagi suv sathi ular xizmat ko‘rsatadigan dalalardan yuqori bo‘lsin va suv xo‘jaliklarga nasoslarga xarajat qilmasdan, o‘z-o‘zidan yetib borsin. Fermer va dehqonlarga kundalik ishlarida suvni tejash usullarini qo‘llashga yordam berish ham muhim ahamiyatga ega," - dedi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi direktori Sagit Qurbonboyev.

JICA ko‘ngillilari sifatida faoliyat yuritayotgan yaponiyalik tadqiqotchilar ham ishtirokchilarni suvni tejash usullari bilan tanishtirdilar. Ular tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishda 95 foizgacha suv bevosita o‘simliklarga yetib borishini ta’kidladilar. Bostirib sug‘orilganda esa, aksincha, ortiqcha suvning yerga singib ketishiga va yer osti suvlari sathinining ko‘tarilishiga sabab bo’ladi, ular bug‘lanib ketgach, tuproqda tuz qoladi. Bundan tashqari, ishtirokchilar turli ekinlar uchun qaysi sug‘orish usullari eng mos kelishi organik o‘g‘itlar va hosilni yig‘ib olgandan keyin tuproqqa ishlov berish uning tuzilishi va suvni saqlash qobiliyatini qanday yaxshilashi, shuningdek, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etgan fermerlar davlat tomonidan qanday qo‘llab-quvvatlanishi, jumladan, subsidiyalar, suv uchun pasaytirilgan to‘lovlar va soliq imtiyozlarini olishi mumkinligi haqida bilib oldilar.

Oziq-ovqat xavfsizligi uy xo‘jaliklari darajasida treninglarning asosiy mavzularidan biriga aylandi. Tomorqalar qishloq oilalari uchun muhim oziq-ovqat va daromad manbai bo‘lib qolmoqda. Ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi haroratning keskin o‘zgarishiga olib keladigan sharoitda kichik issiqxonalarni parvarish qilishning amaliy va arzon usullari haqida bilib oldilar: o‘simliklarni kechki sovuqdan himoya qilishdan tortib, yozda haddan tashqari qizib ketishning oldini olishga yordam beradigan shamollatish va soyalashgacha. Tomchilatib sug‘orish 50 foizgacha suvni tejash imkonini beradi, ekishni to‘g‘ri rejalashtirish esa yetishtirish mavsumini uzaytiradi. Bu orqali oilalar uzoqroq muddat o‘zini yangi sabzavotlar bilan ta’minlashi va ortiqcha hosilni sotishdan qo‘shimcha daromad olishi mumkin.

Treninglar davomida kollektor-drenaj suvlaridan (KDS) qayta foydalanishning muhimligi alohida ta’kidlandi. Odatda sugʻorish paytida shoʻrlangan bu suvlar choʻl koʻllariga oqib ketib, isrof boʻladi. Biroq Qoraqalpoq davlat universiteti olimlari, professor Roza Xoʻjamuratova rahbarligida, ushbu suvlardan ayniqsa sersuv yillarda samarali foydalanish mumkinligini isbotlashdi. Moʻynoq tumanida oʻtkazilgan tajribalar yuksak natijalarni koʻrsatdi: KDS (KS-1 va KS-3 kollektorlari) bilan sugʻorilgan qizil amarant gektariga 58,2 tonna chorva ozuqasi berdi, qora saksovul va chogʻon kabi choʻl butalarining omon qolish darajasi esa 97% ni tashkil etdi. Sifat nazorati toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, drenaj suvlari yaylovlarni sugʻorishda qimmatli manbaga aylanadi. KDSni xavfsiz holatga keltirish uchun mahalliy qum, qamish va minerallardan iborat tabiiy tozalash tizimini qo’llanish taklif etildi. Ushbu arzon va qulay yechim suv loyqaligini 92% dan koʻproqqa kamaytiradi hamda zararli bakteriyalarni 97,5% gacha yoʻq qiladi. Bu esa qishloq aholisiga Amudaryo resurslariga ortiqcha yuklama tushirmasdan, suv zaxiralarini tejash imkonini beradi.

Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magida UNDPning "Orolbo‘yi mintaqasida suv resurslarini boshqarishni mustahkamlash va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish"ga qaratilgan loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha mintaqada suv resurslarini boshqarishni kompleks yondashuv asosida o‘zgartirishga qaratilgan bo‘lib, u suv resurslarini boshqarishni mustahkamlaydi, infratuzilmani modernizatsiya qiladi, raqamli yechimlarni joriy etadi va jamoalarga barqaror va iqlimga chidamli amaliyotlarga o‘tishda yordam beradi. 2020-2030-yillarda suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi va "O‘zbekiston-2030" strategiyasida belgilangan O‘zbekistonning milliy ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq, loyiha to‘rtta pilot tumandagi qishloq jamoalari bilan ishlaydi. O‘tkazilgan treninglar asosida mahalliy sug‘orish infratuzilmasini tiklash, suvdan foydalanishni hisobga olish uchun raqamli vositalarni joriy etish va fermerlar suvni tejash usullarini amalda ko‘radigan namoyish maydonchalarini yaratish rejalashtirilgan. Treningda ayollar va yoshlarga e’tibor qaratilib, hech kimni ortda qoldirmaslik uchun 1000 tagacha fermer va kichik xo‘jaliklar qamrab olinadi.