Mahalliy hamjamiyatlar ovozi – qishloq infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar asosida
30-September, 2026
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) Islom taraqqiyot bankining (ITB) moliyaviy ko‘magida Toshkent shahrida Jamoatchilik ishtirokini hisobga olgan holda ehtiyojlarni baholash (Participatory Needs Assessment – PNA) bo‘yicha chuqurlashtirilgan baholash natijalari va Konsepsiya hujjatiga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazdi.
Davra suhbati davlat organlari, hududiy va mahalliy hokimiyat organlari, ITB, BMTTD, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalliy hamjamiyatlar hamda loyiha ekspertlari vakillarini birlashtirdi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad Konsepsiyaning asosiy xulosalarini, jamoatchilik ishtirokini hisobga olgan holda ehtiyojlarni baholash yondashuvini hamda hamjamiyatlarning o‘z tashabbuslariga tayangan holda qishloq hududlarini rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadqiqot Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini qamrab oldi hamda aholining ishtiroki, mahalliy ehtiyojlarni aniqlash va ustuvorlashtirish, shuningdek, ularni rivojlanishni rejalashtirish jarayonida hisobga olish bo‘yicha mavjud yondashuvlarni o‘rganishga qaratildi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, mavjud mexanizmlar davlat organlari, hokimliklar, mahallalar, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va mahalliy hamjamiyatlar ishtirokini anchdan beri nazarda tutadi. Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar, NNTlar va biznes vakillarining maqsadli ishtiroki hali ham cheklangan. Bu infratuzilma bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilashda ijtimoiy inklyuziya, mahalliy iqtisodiy rivojlanish hamda xususiy sektor manfaatlari yetarlicha hisobga olinmasligiga olib kelishi mumkin.
“Jamoatchilik ishtirokini hisobga olgan holda ehtiyojlarni baholash – bu nafaqat mahalliy ustuvor yo‘nalishlarni yaxshiroq tushunish usuli. U hamjamiyatlar imkoniyatlarini kengaytiradi, odamlarning qaror qabul qilish jarayonidagi ovozini kuchaytiradi va resurslarni aynan eng zarur bo‘lgan yo‘nalishlarga yo‘naltirishga yordam beradi. Bunday yondashuv rivojlanishni yanada inklyuziv, manzilli va odamlarning real ehtiyojlariga asoslangan qiladi”, – dedi tadbirda BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman.
Konsepsiyani tayyorlash jarayonida qonunchilik, dasturiy hujjatlar va metodologik yondashuvlar, shuningdek, ITB, Jahon banki, BMTTD, ACTED, GIZ va Yevropa Ittifoqining xalqaro tajribasi o‘rganildi. 2026-yil iyun oyida Toshkent shahrida, shuningdek, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida davlat organlari, mahallalar, fuqarolik jamiyati va mahalliy hamjamiyatlar vakillari ishtirokida maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Taklif etilayotgan yondashuv mahalliy hamjamiyatlarni qaror qabul qilish jarayonining markaziga qo‘yib, aholining bilimlari va hayotiy tajribasini texnik, institutsional hamda ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar bilan uyg‘unlashtiradi. Ayollar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va qaror qabul qilish jarayonida yetarli darajada vakillik qilinmasligi mumkin bo‘lgan boshqa guruhlarning yanada keng ishtirokiga alohida e’tibor qaratiladi.
Konsepsiya hamjamiyatlar bilan uchrashuvlar va fokus-guruhlardan tortib, so‘rovlar, ijtimoiy xaritalash, joylardagi kuzatuvlar va ustuvorliklarni reytinglashgacha bo‘lgan moslashuvchan vositalar to‘plamidan foydalanishni tavsiya etadi. Ehtiyojlarni shoshilinchlik, ta’sirlangan odamlar soni, kutilayotgan natija, amalga oshirish imkoniyati va mavjud resurslar kabi mezonlar asosida taqqoslash taklif etiladi.
Asosiy tavsiyalardan biri – asosan maslahatlashuvga tayangan yondashuvdan hududiy investitsiyalarni rejalashtirishda qarorlarni qo‘llab-quvvatlashning yanada tizimli mexanizmiga o‘tishdir. Bunday yondashuv hamjamiyatlar ustuvorliklarini texnik jihatdan amalga oshirish imkoniyati, resurslar, institutsional mas’uliyat va rivojlanish maqsadlari bilan bog‘lashga xizmat qiladi hamda qishloq infratuzilmasiga investitsiyalar uchun yanada shaffof, inklyuziv va ma’lumotlarga asoslangan asos yaratadi.
Davra suhbati davomida muhokama qilingan taklif va tavsiyalar hujjatlashtirilib, keyingi ishlar uchun ishtirokchilarga yuboriladi.
Jamoatchilik ishtirokini hisobga olgan holda ehtiyojlarni baholash (Participatory Needs Assessment) bo‘yicha Konsepsiya bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMTTDning Islom taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq joylarini kompleks rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
Bexzod Umarov, BMTTDning “Qishloq joylarini kompleks rivojlantirish” loyihasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassisi
Tel.: +998 93 501 47 37
E-mail: bekhzod.umarov@undp.org