Norasmiy bandlikdan yangi imkoniyatlarga: tadbirkor ayollar biznes-grantlarga ega bo‘ldi
22-May, 2026
2026-yil 21-may kuni Qarshi, Samarqand va Buxorodan kelgan tadbirkor ayollar Toshkentda yig‘ilib, o‘z bizneslarini kengaytirish va rasmiylashtirishga yordam beradigan uskunalar uchun grantlarni qo‘lga kiritdilar.
Butun O‘zbekiston bo‘ylab ko‘plab tadbirkorlar, ayniqsa ayollar, yoshlar va qishloq hududlari aholisi norasmiy sektorda faoliyat yuritishda davom etmoqda, bu esa ularning moliyalashtirish, ijtimoiy himoya va biznesni rivojlantirish imkoniyatlaridan foydalanishini cheklaydi. Ushbu to‘siqlarni yengib o‘tishga ko‘maklashish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (UNDP) O’zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda TIKA - Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi bilan hamkorlikda tadbirkor ayollar uchun maxsus treninglar va grant dasturini tashkil etdi.
Uch hududdan 270 dan ortiq ariza kelib tushdi. Norasmiy sektorda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni jalb qilish ishlari Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Monomarkazlar tarmog‘i hamda ijtimoiy tarmoqlardagi keng ko‘lamli axborot kampaniyalari orqali amalga oshirildi.
Treninglarda 69 nafar tadbirkor ayol ishtirok etdi, talab esa mavjud o‘rinlar sonidan to‘rt barobar yuqori bo‘ldi. Ishtirokchilarning deyarli yarmi ariza topshirish va tegishli xizmatlardan foydalanish jarayonida o‘z bizneslarini rasmiylashtirdi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 14 nafar tadbirkor ayol qiymati 5 000 AQSH dollarigacha bo‘lgan uskunalar uchun grantlarni qo‘lga kiritdi, bu esa ularga o‘z bizneslarini kengaytirish va mustahkamlashga yordam beradi.
“Bir necha yil avval men “Temir daftar”ga kiritilgan edim. Bugun esa yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli bo‘lish orzumga erishish mumkinligini his qilyapman”, — dedi buxorolik Volida Amonova. “Organik kartoshka chipslari ishlab chiqaruvchi kichik biznesimni rivojlantirar ekanman, o‘zim kabi oilasining boquvchisi bo‘lgan boshqa ayollar uchun ham ish o‘rinlari yaratishga umid qilaman”.
Ba’zi ishtirokchilar yosh tadbirkor ayollarning yangi avlodini ilhomlantirishga ham yordam bermoqda. Qashqadaryolik Maftuna Bekmurodova shunday deydi: “Mahallamda oliy ta’lim olishga qaror qilgan ilk qizlardan biri men bo‘lganman va ta’limning men uchun muhimligini otamga tushuntirish uchun ancha harakat qilishimga to‘g‘ri kelgan. Bugun esa o‘quv markazidagi faoliyatim orqali boshqa qizlarni ham o‘z orzu va maqsadlari sari intilishga ilhomlantirayotganimdan faxrlanaman va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishda davom etaman”.
Mini-grantlar tashabbusi UNDP tomonidan “O‘zbekistonda munosib ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoyani jadallashtirish orqali rasmiylashtirishga adolatli o‘tishni qo‘llab-quvvatlash” qo‘shma dasturi doirasida O’zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda TIKA bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Dastur Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha Qo‘shma jamg‘arma tomonidan moliyalashtirilayotgan “Adolatli o‘tish uchun ish o‘rinlari va ijtimoiy himoya bo‘yicha Global akselerator” doirasida O‘zbekistonning majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashadi.