Novvoyxona o'rmonni saqlab qishloq ayollarning mushkulini oson qilishi mumkin

Muallif: Elena Amira Turaeva

22-November, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Oʻzbek xalqi nonni qanchalik hurmat qilishi va har bir xonadonda non alohida eʼzozda ekanligi haqida hamma yaxshi biladi. Nonni yerga tashlaydigan yoki unga hurmatsizlik koʻrsatadigan oʻzbekistonlikni uchratish mahol, shuningdek hech bir ziyofat qaynoq non ushatishsiz oʻtmaydiAnʼanaga koʻra, non tandirda yopiladi va hovlida yashovchi har bir mahalla ahli oʻz tandiriga ega. Shaharda yangi nonni doʻkondan bemalol sotib olish mumkin boʻlib, tandirdan faqat bayramlardagina foydalanilsa, chekka qishloqlarda bu ish non tayyorlashning asosiy usuli sanaladi. Tandirdan yangi uzilgan nonning ifori yoqimli ekaniga qaramay, bu atrof-muhitga qanday yuk boʻlishini qayd etish muhim, chunki tandirni qizdirish uchun buta yoki daraxtni kesishga toʻgʻri keladi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda katta shaharlardan yiroqda joylashgan qishloqlarni gazlashtirish masalasi ijobiy hal qilinmoqda. Davlat dasturlari rejali asosda amalga oshirilishi barobarida, hozircha tabiiy gaz bilan taʼminlanmagan va davlat tomonidan aholining taom tayyorlashi uchun gaz ballonlarida suyultirilgan propan gazi keltirish, shuningdek oʻtin sotilishi tashkil etilgan chekka togʻli mahallalar mavjud. Taʼminlash hajmlari yetarli lekin aholi yovvoyi tabiatdagi daraxtlarni noqonuniy kesishga kirishishlarining xatari katta. Bunday joylarda, ularning kengligi va yetib borish qiyinligi sababli, bu kabi jarayonlarni nazoratga olish juda murakkab.

BMTTD hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Global Ekologik Fond moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan “Bioxilma-xillikning global ahamiyatga ega turlari uchun muhim boʻlgan asosiy togʻli mintaqalarda tabiiy resurslar va oʻrmon xoʻjaligidan barqaror foydalanish” qoʻshma loyihasining Tajriba mintaqalarini texnik qoʻllab-quvvatlash dasturini amalga oshirish doirasida, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani, “Pskom” va “T.Dadaboyev” mahallalarida novvoyxonalar ochish boʻyicha ikkita loyiha amalga oshirildi. 

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Birinchi loyihamiz “T.Dadaboyev” qishloq fuqarolar yigʻinidagi posyolkada yashovchi Joldoshboyev Chingiz arizasiga koʻra amalga oshirildi. Novvoyxonada u bilan birga onasi Chotpoyeva Musʼhal ham ishlaydi. Bunga qadar u, mahalladagi boshqa barcha ayollar kabi, tandirda non yopar edi. Joldoshboyevlar oilasida 4 nafar farzand bor, barcha uy ishlari va nabiralarni parvarishlash butunlay Musʼhal opa zimmasida, novvoyxonaning ochilishi uning uy-roʻzgʻor ishlarini sezilarli yengillatdi. Bugungi kunda, oʻrnatilgan jihozlar va Joldoshboyevlar oilasining mehnatsevarligi sababli, “T.Dadaboyev” QFYga kiruvchi, 936 nafar (jumladan, 477 nafar xotin-qiz) yashovchi 3 ta qishloq non bilan taʼminlangan va tandirda non yopishga boshqa muhtoj emaslar. 

Ikkinchi loyihamiz qoʻshni “Pskom” mahallasida amalga oshirildi. U yerda uch farzandning onasi va qishloq vrachlik punkti hamshirasi Hilola Mirzoyoqubova turmush oʻrtogʻi bilan birga novvoyxonada ishlayapti va 956 kishi istiqomat qiladigan 150 ta uy xoʻjaligini non bilan taʼminlayapti.

Bugunga kelib, biz novvoyxonalarni ochish bilan bogʻliq boʻlgan choralar ushbu qishloqlarda ayollar zimmasidagi ogʻirlikni sezilarli kamaytirganligi va yaqin atrofda joylashgan daraxtzorlarning oʻtin uchun kesilishini qisqarishiga ijobiy taʼsir koʻrsatganligi xaqiqatini quvonch bilan qayd etamiz. Shuni ham taʼkidlash oʻrinliki, novvoyxonalar faoliyati ayollarning turmush tarzini yengillashtirdi. Bu, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi ishlari kechadigan, ayollar erlari bilan bab-barobar hovli va tomorqada mehnat qiladigan va boshqa uy yumushlaridan ortib non yopish koʻp vaqtlarini oladigan davrga taalluqlidir. Xalqimizda “Non – aziz neʼmat” degan gap bor. Amalda ham, bir qarashda oddiy koʻringan non tufayli ham aholi, ham tabiat borasidagi qanchadan-qancha masalani ijobiy hal etishga muvaffaq boʻlinganini koʻrmoqdamiz.