Yevropa Ittifoqi va BMTTD O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiluvchi NEXUS tizimini ilgari surmoqda

10-March, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Biz Yevropa Ittifoqi moliyalashtiradigan Gidrometeorologiya xizmati agentligi bilan hamkorlikdagi “Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi va barqarorlik” qo‘shma loyihamiz doirasida suv-energetika-oziq-ovqat xavfsizligi va atrof-muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi barqarorligini ta’minlashda NEXUS yondashuvi” mavzusida ikki kunlik seminar-trening o‘tkazdik.

Tadbirda Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Suv xo‘jaligi, Qishloq xo‘jaligi, Energetika va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi boshqarmalaridan 30 dan ziyod  mutaxassislari ishtirok etdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

“Iqlim o‘zgarishi tahdidlari birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi, suv va yer resurslari, insoniyatning sog‘ligi, oziq-ovqat xavfsizligi va atrof muhitga katta zarar keltirmoqda. Bugungi treningda manfaatdor tomonlarni NEXUS yondashuvi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishni rejalashtirdik” dedi Isomiddin Akramov, loyiha rahbari.

NEXUS yondashuvi suv-energetika-oziq-ovqat xavfsizligi va atrof-muhit sohalarining barqarorligini ta’minlash yo‘lida innovatsion usullarni qo‘llashga undaydigan tizim hisoblanadi. Uning afzalligi shundaki, u suv, energetika va qishloq xo‘jaligi siyosatlarining iqlim o‘zgarishi sharoitida yuzaga keluvchi tahdidlarga qarshi sektorlararo hamjihatlik asosida o‘zaro manfaatli qarorlarni qabul qilishga ko‘maklashadi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati agentligi direktor o‘rinbosari Firuz Safarov o‘z nutqida NEXUS yondashuvini O‘zbekistonda qo‘llanilishi yuzasidan ijobiy fikrini bayon etdi.

“Respublikamizning togʼ va togʼoldi hududlarida so‘ngi 10 yilda mintaqamiz bo‘ylab 657 ta (2022-yilda – 70 dan ziyod) sel va suv toshqinlari kuzatilmoqda. Tahlillar shuni koʼrsatmoqdaki, respublika hududining 12 foizida 29 ta asosiy sel kelish havzasi mavjud boʼlib, ushbu hududlar Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida joylashgan. NEXUS yondashuvini qo‘llash orqali, iqlim o‘zgarishi o‘qibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tabiy ofatlar va ularning oqibatlarini oldini olishga yordam beradi”- dedi u. 

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

“Dunyo olimlarining bashoratiga ko‘ra, 2035 yilga kelib global miqyosda energiyaga talab 50% ga, suv resurslariga bo‘lgan talab 85%ga oshadi, 2050 yilga kelib esa oziq-ovqat mahsulotlariga talab 60%ga ortadi. Bu esa global muamollarga olib kelishi mumkin. BMTTD loyihasi tomonidan ilgari surilayotgan NEXUS yondashuvi yuqoridagi muammolarni oldini olishda sektorlararo hamjihatli qarorlarni qabul qilishga xizmat qiladi”- dedi professor Abdulhakim Salakhiddinov.

Ikki kunlik seminar-treningda ishtirokchilarga NEXUS yondashuvining asosiy tushunchasi, uning afzallilari, shuningdek ushbu yonadashuvning boshqa mamlakatlarda qay darajada qo‘llanilishi haqida ma’liumotlar berildi. 

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Seminarning amaliy qismida ishtirokchilar o‘rtasida NEXUS yondashuvinining simulyatsiyasiga bag‘ishlangan interaktiv o‘yin  o‘tkazildi.  O’yinning asosiy maqsadi - tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va boshqarishni o‘rgatib, jamiyatning tabiat bilan hamohangligida barqaror rivojlanishini ta’minlashdan iboratdir. NEXUS oʻyini energiya va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, aholi ehtiyojlarini qondirish va atrof-muhit muvozanatini saqlab qolish uchun, tabiy resurslarni qanday boshqarish lozimligi haqida haqida tushunchalarni oshirishga xizmat qiladi.