Yetakchi ayollar muloqoti platformasi yangi tarkibda ishga tushdi: gender tenglik va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish sari yana bir qadam

19-October, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Joriy yilning 17 oktyabr' kuni Senatda “O‘zbekiston yetakchi ayollar muloqoti platformasi” a'zolarining 2023 yildagi ilk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv Senat va BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonda milliy gender strategiyasini amalga oshirish va gender tenglikka erishish” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Unda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot Dasturi, Yetakchi ayollar muloqoti platformasi a'zolari, shuningdek, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Ta'kidlanganidek, “O‘zbekiston yetakchi ayollar muloqoti platformasi” xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini oshirish, rahbar ayollar safini yanada kengaytirish, ularning yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda yosh qizlarni rahbarlikka tayyorlash, gender tenglik muammolarini bartaraf etishga xizmat qiladi.

Platforma faoliyati har bir hududdagi xotin-qizlarning tadbirkorlik, ilm-fan, axborot texnologiyalari, media, sport va madaniyat kabi sohalardagi asosiy muammolarini aniqlab, imkoniyati cheklangan yetakchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tengsizlikni keltirib chiqaradigan gender stereotiplar va noo‘rin ijtimoiy me'yorlarga chek qo‘yilishiga yordam beradi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Tadbirda so‘zga chiquvchilar tomonidan platformani ishlatish va undan samarali foydalanish hamda kelgusida uni yanada takomillashtirib borish yuzasidan ma'lumotlar berilib, platforma taqdimot qilindi.

Jumladan, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Kadirxanova platforma a'zolarining asosiy vazifalari har bir hududdagi xotin-qizlarning tadbirkorlik, ilm-fan, axborot texnologiyalari, sport va madaniyat, OAV kabi sohalardagi asosiy muammolarini aniqlashdan iborat ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

Shuningdek, senator imkoniyati cheklangan yetakchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashda, gender asosidagi zo‘ravonlik va tengsizlikni keltirib chiqaradigan gender stereotiplari va noo‘rin ijtimoiy me'yorlarga chek qo‘yilishiga yordam berishda, har bir hududdagi xotin-qizlarning holatini tubdan yaxshilashga ko‘maklashishga qaratilgan davlat organlari uchun dasturlar ishlab chiqishda platformaning ahamiyati yuqori ekanligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Tadbirda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Fayyad Qarman yetakchi ayollarning salohiyatini yuksaltirishda, xususan, siyosiy partiyalarda gender tamoyillarini kuchaytirish, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, shuningdek, yetakchi ayollarning notiqlik madaniyatini hamda aholi bilan muloqot qilish ko‘nikmalarini oshirishda BMTTD amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Tadbir davomida xotin-qizlarni yangicha yondashuv, g‘oya va tashabbuslar bilan chiqishlariga ko‘mak berish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar, siyosiy jarayonlarda ularning faol ishtirokini ta'minlash, mazkur jarayonlarda “O‘zbekiston yetakchi faol ayollar muloqoti platformasi”ning o‘rni va roli masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.