“Oʻzbekistonda yoshlar bandligini taʼminlashga koʻmak” loyihasini ishga tushirish marosimi

15-May, 2019

13 may, Toshkent shahri. BMTning Oʻzbekistondagi Taraqqiyot Dasturi va Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan “Rivojlanish maqsadlarida Rossiya Federatsiyasi - BMTTD” trast fondi moliyaviy koʻmagida amalga oshiriladigan Oʻzbekistonda yoshlar bandligini taʼminlashga koʻmak qoʻshma loyihasini ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Miryana Spolyarich Egger xonim, BMT Taraqqiyot dasturi maʼmuri yordamchisi, BMTTDning Yevropa va MDH mamlakatlari boʻyicha Mintaqaviy direktori ham ishtirok etdi.  

Oʻzbekiston aholisining 33 foizini 18 yoshda boʻlgan bolalar, 24 foizini 18dan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil qiladi.

Ish oʻrinlarini yaratish masalasi Oʻzbekistonning 2017-2021 yillarda rivojlanishining beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasining muhim qismi hisoblanadi.

Loyihani ishga tushirish marosimida soʻzga chiqqan BMTTDning Yevropa va MDH mamlakatlari boʻyicha Mintaqaviy direktori Spolyarich Egger xonim quyidagilarni qayd etdi: "Aholisining uchdan ikki qismi 30 yoshgacha boʻlgan yoshlardan tashkil topgan hamda har yili mehnat bozoriga 600 mingga yaqin taʼlim muassasalari bitiruvchilarini chiqaradigan Oʻzbekiston uchun yoshlar va ayollar uchun yangi ish oʻrinlarni yaratish masalasi katta ahamiyatga ega…. BMTTD yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish, tadbirkorlik va startaplarni rivojlantirish, ayollar va yoshlar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, aholining barcha qatlamlari uchun manfaat yaratadigan iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish sohasida Hukumat bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida".

Oʻzbekistonni barqaror rivojlanishining sakkizinchi milliy maqsadi mehnat unumdorligini oshrish va erkaklar va ayollar bandligini taʼminlash orqali barqaror va har tomonlama muvozanatlangan oʻsishni ilgari surishni nazarda tutadi.  Shuningdek, 2020 yilga kelib bandlik, taʼlim yoki professional tayyorgarlik sohalariga jalb qilinmagan yoshlar ulushini sezilarli darajada qisqartirish nazarda tutilmoqda.

Mazkur saʼy-harakatlarga qoʻshimcha sifatida BMTTD Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda “Oʻzbekistonda yoshlar bandligini taʼminlashga koʻmak” qoʻshma loyihasini ishga tushirmoqda. Loyihaning maqsadi -  mamlakat hukumatiga mehnat bozori sohasidagi qator tashabbuslarga yordam berish orqali Oʻzbekistonda, ayniqsa yoshlarni (kollej va universitetlar bitiruvchilari, yosh ayollar va boshqalarni) ish bilan taʼminlashga koʻmak berishdan iboratdir.

Loyiha uch yilga moʻljallangan, ushbu muddat mobaynida uch asosiy yoʻnalish (komponetlar) boʻyicha qator tadbirlar amalga oshiriladi:

1. Mehnat bozorida faol siyosat olib borish orqali, ayniqsa, kollej va universitetlar bitiruvchilari, yosh ayollar, qaytib kelayotgan mehnat migrantlari va aholining zaif guruhlari orasida yoshlar bandligini qoʻllab-quvvatlash va bunga koʻmak berish;

2. Yoshlar tadbirkorligi va biznes-startaplarni rivojlantirish;

3. Yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha xizmatlarni taqdim etish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari Vazirligi imkoniyatlarini kengaytirish.

Loyiha va uning tadbirlarini amalga oshirilishi davlat tashkilotlari (vazirliklar, idoralar, mahalliy boshqaruv organlari), nohukumat tashkilotlar (masalan, Savdo-sanoat palatasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kabilar), mahalliy ekspertlar va tahlil markazlari, hamda hozirgi vaqtda ushbu sohada Oʻzbekiston hukumatiga koʻmak koʻrsatayotgan xalqaro va ikki tomonlama donorlarning keng doirasi bilan mustahkam  hamkorlik qilishni nazarda tutadi.