Fargʼona vodiysida iqlim bilan bogʼliq xatarlarni boshqarish va iqlim oʼzgarishiga moslashish boʼyicha mintaqaviy trening

25-May, 2022
group photo
BMTTD O'zbekiston

2022 yil 11-13 may kunlari Fargʼona shahrida BMT Taraqqiyot dasturining “Markaziy Osiyoda iqlim oʼzgarishi va barqaror rivojlanish” loyihasi doirasida Fargʼona vodiysida iqlim bilan bogʼliq xatarlarni boshqarish va iqlim oʼzgarishiga moslashish boʼyicha trening oʼtkazildi.

Trening uchun joy tasodifan tanlanmagan: Fargʼona vodiysi Markaziy Osiyodagi eng jadal rivojlanayotgan hududlardan biri boʼlish barobarida, mintaqaga xos boʼlgan bir qator zaif jihatlar ham aynan mana shu yerda mujassamlashgan. Oxirgi 20 yil davomida yillik qayd etiladigan tabiiy ofat va ekstremal ob-havo hodisalari soni 400 tadan oshdi. Shu bilan birga, bu kabi hodisalardan oʼntasining toʼqqiztasi iqlim oʼzgarishining salbiy oqibatlari bilan bogʼliq. Ekstremal hodisalar qaytalanishining ortishi infratuzilma holati hamda aholining ijtimoiy va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatiga tahdid solish bilan bir qatorda, sogʼliqni saqlash va taʼlim xizmatlaridan foydalanish yoʼlidagi toʼsiqlarni kuchaytiradi.

BMTTD O'zbekiston

Uch kun davomida Oʼzbekiston Respublikasining Namangan, Andijon, Fargʼona viloyatlari hamda Qirgʼiziston va Tojikistonning chegaradosh viloyatlaridan tashrif buyurgan suv va qishloq xoʼjaligi boshqarmalari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati, Karantin va oʼsimliklarni muhofaza qilish agentligi vakil va rahbarlaridan iborat trening ishtirokchilari iqlim oʼzgarishi, xatarlarning global, mintaqaviy va milliy miqyosda oldini olish va prognozlash sohasida keng koʼlamli nazariy va amaliy bilimlarga ega boʼldi.

Trening ishtirokchilariga Loyihaning 2022 yilga moʼljallangan harakatlar rejasi, shuningdek, Markaziy Osiyodagi ishtirokchi davlatlarning iqlim oʼzgarishiga qarshi kurashish boʼyicha milliy strategiyalari toʼgʼrisida batafsil maʼlumotlar berildi. Orasida mahalliy, mintaqaviy va xalqaro ekspertlar hamda BMTTD vakillari boʼlgan maʼruzachilar bilan birgalikda tinglovchilar Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqlim oʼzgarishi va iqlim bilan bogʼliq xatarlar muammosining milliy jihatlarini muhokama qildi. Hukumatlararo ekspertlar guruhi esa iqlim oʼzgarishi oldidagi zaiflik va uning oʼzgarishiga chidamlilikni baholash natijalari taqdimotini oʼtkazdi.

BMTTD O'zbekiston

Treningning ikkinchi kuni amaliy tadbirlarga bagʼishlandi – ishtirokchilar Qoʼshtepa tumanidagi “Fergana Global Textile” klasteri va Fargʼona viloyati gidrometeorologiya boshqarmasiga tashrif buyurishdi. “Fargʼona vodiysi fermerlarining iqlim oʼzgarishi bilan bogʼliq xatarlarga chidamlilik va moslashuvchanlik darajasini oshirish” sheriklik loyihasi doirasida esa Fargʼona viloyatida BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan oʼrnatilgan xatarlardan erta ogohlantirish innovatsion tizimlari taqdimoti oʼtkazildi.

Treningning soʼnggi kunida iqlim oʼzgarishiga moslashish chora-tadbirlari va milliy darajadagi iqlimga oʼzgarishiga chidamli rivojlanish modellari, shuningdek, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish boʼyicha hamkorlikning institutsional va huquqiy asoslari boʼyicha mutaxassislarning tahlil va tavsiyalari taqdim etildi. Bundan tashqari, kichik guruhlarda amaliy mashgʼulotlar oʼtkazilib, ishtirokchilar ular asosida oʼz taqdimotlarini ishtirokchilar eʼtiboriga havola qildi.

“Tadbirdan judayam taʼsirlandim, negaki turli sohalarga doir juda keng koʼlamli va foydali bilimlarga ega boʼldim. Kichik guruhlarda ishlash orqali Oʼzbekiston, Qirgʼiziston va Tojikiston vakillari bir jamoaga birlashib, umumiy muammolarimiz ustida ishlash imkoniyatiga ega boʼldik. Endi orttirgan bilimlarimni tadbirkor ayollarimiz bilan baham koʼraman”, – deydi Oʼzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Lola Abduhalimova (Namangan viloyati).

BMTTD O'zbekiston

Trening qishloq xoʼjaligi, suv resurslarini boshqarish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida iqlim oʼzgarishiga moslashish boʼyicha mintaqaviy yoʼl xaritasini ishlab chiqish boʼyicha tavsiyalar muhokamasi bilan yakunlandi.

“Menimcha, trening oldiga qoʼyilgan maqsadlarga erishildi. Ishtirokchilar muammoni bitta davlat doirasida hal qilib boʼlmasligini, oʼz saʼy-harakatlarini birlashtirish, kelishishni oʼrganish, barcha xalqlarning umumiy manfaatlarini hisobga olish zarurligini anglab yetdi, – deya xulosa qiladi tadbir yoʼriqchisi Natalya Akinshina. “Jadval tadbirlarga boy va hatto biroz tigʼiz boʼlganiga qaramay, biz uch mamlakat vakillarini umumiy maqsad atrofida birlashtirib, mintaqaviy harakatlar rejasini, zaif tarmoqlar va yoʼnalishlardagi moslashish choralarini oʼz ichiga olgan yoʼl xaritasini ishlab chiqishga jalb eta oldik”.

Trening tashkilotchilarining maqsadi iqlim bilan bogʼliq xatarlar sohasida zamonaviy bilimlar bazasi boʼlishini taʼminlash va shu orqali qaror qabul qiluvchilar hamda manfaatdor tomonlarning iqlimga chidamlilikni oshirish va Markaziy Osiyodagi ishtirokchi mamlakatlarda iqlim oʼzgarishiga moslashish boʼyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish borasidagi salohiyatini yuksaltirishdan iborat. Uch mamlakat davlat organlari va hamkor tashkilotlari oʼrtasidagi hamkorlikning yoʼnalishlari belgilab olindi va qoʼshma harakatlar rejasi ishlab chiqildi.

“Markaziy Osiyoda iqlim oʼzgarishi va barqaror rivojlanish” loyihasi BMTTD, Tojikiston Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish qoʼmitasining Gidrometeorologiya agentligi, Qirgʼiziston Respublikasi Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vazirligi hamda Oʼzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazinig birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida amalga oshirilib, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi - Qirgʼiziston, Tojikiston va Oʼzbekistonning transchegaraviy zonasi boʼlgan Fargʼona vodiysida barqarorlikni taʼminlash va iqlim oʼzgarishiga chidamli rivojlanish modellarini ishlab chiqishga koʼmaklashish.