Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha davlat xarajatlari va institutsional baholash: O‘zbekiston

25-January, 2024

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, Fransiya taraqqiyot agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligining qo‘shma tashabbusi doirasida tayyorlangan “Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha davlat xarajatlari tahlili va institutsional baholash: O‘zbekiston” (CPEIR) nashr etildi.

CPEIR - uch komponentli diagnostika vositasi bo‘lib, iqlim o‘zgarishi masalalari mamlakat siyosatiga qay darajada integratsiyalanganligi, mustahkam institutsional asos bilan ta’minlanganligi va Davlat byudjetida aks ettirilganligini birgalikda aniqlaydi.

Ushbu vositaning dolzarbligi O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga eng zaif davlatlar qatoriga kirishi bilan belgilanadi, bu esa izchil iqlim siyosatini shakllantirish va amalga oshirish zaruriyatini oldindan belgilab beradi. O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi muhimligini anglagan holda 1993-yilda BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasiga qo‘shilgan va 2017-yilda Parij bitimini imzolagan.

O‘zbekiston hukumati o‘z majburiyatlari doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha milliy siyosat va rejalarni takomillashtirish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. 2030-yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish Konsepsiyasi va 2030-yilgacha bo‘lgan davrda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha Strategiyani o‘z ichiga olgan strategik hujjatlar qabul qilindi.

2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish Strategiyasi ham milliy rivojlanish maqsadlarining iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish maqsadlariga muvofiqligini ta’minlashga qaratilgan. Strategiyada belgilangan 100 ta yuqori darajadagi maqsadlardan ikkitasi (24-maqsad va 80-maqsad) iqlim o‘zgarishini yumshatish va moslashish bilan bevosita bog‘liq.

Nashrning qayd etishicha, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi muammolarini mamlakatni rivojlantirishni rejalashtirish va byudjetlashtirish jarayonlariga integratsiyalashuvini kuchaytirish orqali milliy siyosatga iqlim o‘zgarishi masalalarini kiritishda ko‘proq muvaffaqiyatga erishishi mumkin.

Shu maqsadda nashrning alohida bo‘limi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun davlat byudjeti xarajatlarini tahlil qilish va baholashga bag‘ishlangan. Baholash uchun O‘zbekiston byudjet tizimining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi metodologiya taklif etiladi. Ushbu metodologiyani qo‘llash shuni ko‘rsatdiki, 2020-2022-yillarda iqlimga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan tadbirlarga byudjetning 10-11 foizi (yalpi ichki mahsulotga nisbatan qariyb 2-3 foiz) ajratilgan. Iqlimga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xarajatlar hajmi shu davrda byudjetning 0,9 foizidan 0,6 foizigacha (YAIMga nisbatan 0,2-0,1 foiz) kamaydi.

Nashr Iqlim o‘zgarishi byudjetining yaxlitligi Indeksini (CCBII) baholash natijalari bilan yakunlanadi. Ushbu baholash iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha siyosat va amaliyotlarning davlat moliyasini boshqarish tizimiga integratsiyalashuvi darajasini aniqlash imkonini berdi. Kelajakda bu boradagi taraqqiyotni baholash uchun dastlabki asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.