O‘zbekiston hududlarida yangi tahrirdagi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha munozaralar bo‘lib o‘tdi

19-April, 2021

--- Image caption ---

2021 yil 10 apreldan 15 aprelgacha Namangan, Qarshi va Jizzax shaharlarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining dolzarb muammolari va yangi tahrirdagi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasining asosiy yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatlari tashkil etildi. Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining va O‘zbekistondagi BMTTDning Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning qishloq tumanlarida davlat xizmatlarini ko‘rsatishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi ko‘magida ishlab chiqilmoqda.

Tadbirlar davomida “Madad” NNT ijrochi direktori To‘lqin Tursunov va Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Nazarali Norboevning taqdimotlari eshitildi. Tadbirlarda O‘zbekistonda va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida va boshqa mamlakatlardagi mahalliy hokimiyat ijro etuvchi va vakillik organlarining dolzarb muammolari muhokama qilindi.

Yangi qonun loyihasining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagi yo‘nalishlar taklif etildi:

  • ijro etuvchi va vakillik hokimiyati rahbarining funksiyalarini ajratish;
  •  viloyat va Toshkent shahar hokimliklari, tuman va shahar hokimliklari tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlarning vakolatlari va turlarini aniqlash;
  • hokimliklarning markaziy davlat organlari, xalq deputatlari Kengashlari, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorligi;
  • hududlarni rivojlantirish strategiyalarini, rivojlantirish dasturlarini, hokimlar va Kengashlarning qarorlarini qabul qilish hamda amalga oshirishda xususiy sektor, nodavlat sektor vakillari, fuqarolarning ishtirok etish mexanizmini joriy etish;
  • mahalliy byudjetni shakllantirish, ijro etish va monitoring qilishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini belgilash.

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakillari, viloyat hokimlari o‘rinbosarlari, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari xodimlari, viloyat va shahar Kengashlari deputatlari hamda boshqa qator tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilar hokimiyatni ijro etuvchi va vakillik organlari o‘rtasida aniq taqsimlash, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari o‘rtasidagi vakolatlarga aniqlik kiritish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladilar. Ayniqsa, ishtirokchilarning aksariyati xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha, xususan Kengashlarda doimiy ishlaydigan deputatlar guruhlarini tuzish xususida yangi takliflarni ilgari surdilar. Bundan tashqari, ishtirokchilar bitta qonun o‘rniga “Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat to‘g‘risida" va “Mahalliy vakillik hokimiyati to‘g‘risida" ikkita alohida qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif qildilar.

 

Bahslar qizg‘in munozaralar, savol-javoblar bilan davom etdi. Ishchi guruh a'zolari ishtirokchilarning savollariga javob berdilar va ishtirokchilarning takliflaridan qonun loyihasining yakuniy variantini takomiliga yetkazishda foydalanilishini ta'kidladilar.