Orolboʻyi BMTTD va Oʻzbekiston hukumati tomonidan ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilindi.
BMTTD maʼmurining maxsus maslahatchisi Abdulay Mar Diye, Oʻzbekistonga oʻz tashrifini yakunlar ekan, xalqaro va mahalliy sheriklarni Orolboʻyi mintaqasini tiklash borasidagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish boʻyicha ishlarni davom ettirishga chaqirdi.
“Orol dengizining qurishi mintaqadagi eng jiddiy ekologik falokatlardan biri boʻlib qolmoqda. Ushbu iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy inqiroz barqaror rivojlanishning barcha muhim unsurlarini qamrab olgan” - dedi u, dengizning qurishi natijasida mahalliy hamjamiyatlarni qisqarishi, hamda qurigan tuproq sirti pestitsidlarga to‘yinganligi odamlar salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini nazarda tutib.
“Hozir harakat qilish davridir. Biz tabiiy sharoitlarni: Qoraqalpogʻistonning uzoq tumanlarida insonlar uchun hayotning maqbul sharoitlarini tiklashimiz zarurdir. Bu sharoitlar yoshlarni qaytib kelishi va Orolboʻyini tiklash ishlarini davom ettirishlari uchun ularga ragʻbat boʻladi” - dedi u.
Oxirgi yillarda Oʻzbekiston hukumati, BMTTDning koʻmagida, 66 ming nafardan ortiq qishloq aholisini ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan ta’minlab, sogʻliqni saqlash va sifatli taʼlim olish imkoniyatini taqdim etdi. 215dan ortiq kichik korxonalar qoʻllab-quvvatlandi. Undan tashqari, 213 400 nafar odam sifatli tibbiy xizmat olish imkoniga ega bo‘ldi.
Janob Diye Orolboʻyi mintaqasiga bagʻishlangan yirik xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Nukusda boʻldi. U Moʻynoqqa tashrif buyurdi va hududdagi vaziyatni oʻz koʻzi bilan koʻrdi, u yerda mahalliy jamoalar bilan muloqot qildi.
Anjuman yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston hukumati bilan Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish boʻyicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasining loyihasi kelishib olindi.
Janob Diye, shuningdek, Bosh vazir oʻrinbosari, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Basitxanova xonim, Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari Svetlana Artikova xonim, moliya vaziri janob Jamshid Qoʻchqorov, Adliya vaziri janob Ruslanbek Davlatov va boshqalar bilan mamlakat rivojining ustuvorliklari haqida koʻproq maʼlumot olish, imkoniyatlar va muammolarni, hamda BMTTD bilan hamkorlik haqidagi masalalarni muhokama qilish uchun Toshkent shahrida qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi. BMTTD maʼmurining maxsus maslahatchisi, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, tahlil markazlari vakillari bilan uchrashdi va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti talabalari bilan qashshoqlikni bartaraf etish boʻyicha interfaol sessiyani oʻtkazdi.
“BMTTD resurslarni jalb etish, kelgusida sheriklik munosabatlarini oʻrnatish va Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish uchun bilimlarni taqdim etish maqsadida Oʻzbekiston hukumati bilan keng hamkorlik qilish tarafdoridir. Qadam baqadam, nostandart tamoyillarga asoslangan yondashuvdan foydalangan holda, biz muvaffaqiyatimizni barpo qilamiz. Biz bu ishda yordam bera oladigan yangi gʻoyalar, platformalar va tashabbuslarni maʼqullaymiz. Bizning bosh tamoyilimiz - “Hech kimni chetlatib qoʻymaslik”. Aynan shuning uchun Qoraqalpogʻiston xalqisiz Oʻzbekiston ham millat sifatida rivojlana olmaydi”, - dedi janob Mar Diye konferensiyaning ochilish marosimidagi kirish soʻzida.
Keyingi 26 yil mobaynida BMTTD iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, bilim va tajriba orttirish, hamda Oʻzbekiston xalqi farovonligini taʼminlash uchun davlat va nodavlat tashkilotlariga koʻmak berish maqsadida Oʻzbekistondagi oʻz faoliyatini olib bormoqda.
“BBC” intervyusiga havola https://bit.ly/33QAOkW.
Bogʻlanish uchun maʻlumot: Tel. raqami: 78 120 34 60, Elektron manzil: media.uz@undp.org
****
Aloqada boʻling: UNDP Uzbekistan on Twitter | on Facebook |
Qoʻshimcha manbalar: Our work | UNDP Uzbekistan News |