O‘zbekistondagi “Yashil makon” tashabbusi bilan hamnafas bo‘lib

Dasturning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun samarali muvofiqlashtirish va qo‘llab-quvvatlash zarur

16-May, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

2021 yilning noyabr' oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Yashil makon” tashabbusini ilgari surdi. Ulkan maqsad va uzoqni ko‘zlagan mazkur tashabbus kelgusi besh yil davomida mamlakat bo‘ylab 1 milliard tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi lozimligini nazarda tutadi. Loyiha shahar markazlaridagi havoni tozalash, odamlar hayotini saqlab qolish va ularning turmush sharoitini yaxshilashga hissa qo‘shadi. Tashabbus, shuningdek, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va iqlim ta'siriga moslashish bo‘yicha Parij bitimi doirasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishiga xizmat qiladi. Muayyan hududlarda esa daraxtlar tuproq sifatini yaxshilab, cho‘llanishning oldini olish va hatto bu jarayonni ortga qaytarishga yordam berishi mumkin.

Ilk natijalar tashabbus  e'lon qilingandan bir necha kun o‘tiboq ko‘zga ko‘rina boshladi, negaki ko‘chat ekishdek savobli ishga ko‘plab tashkilotlar, mahallalar va keng jamoatchilik safarbar bo‘lgandi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2021 yil oxiriga kelib 85 million tup ko‘chat ekilgan bo‘lsa, shu yilning bahor oylarida qo‘shimcha 125 million dona ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan.

Jarayon ko‘tarinkilik  bilan jadal sur'atda davom etayotgan bo‘lsa-da, daraxtlarni ekish va parvarishlash jarayonini boshqarish bo‘yicha samarali va keng qamrovli yondashuv qabul qilinmasa, daraxtlar va, umuman, dasturning taqdiri mavhum bo‘lib qoladi. Muvaffaqiyatga erishish, ya'ni ko‘chatlar ildiz otib, osmonga bo‘y cho‘zishini ta'minlash, uglerod tashlanmalari hajmini kamaytirish va ular bilan keyinchalik potensial ravishda savdo qilish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun sa'y-harakatlar mamlakat miqyosida samarali tarzda muvofiqlashtirilishi lozim. Loyihani qo‘llab-quvvatlash va uning barqarorligini ta'minlash uchun innovasion moliyalashtirish yechimlari ishlab chiqilishi mumkin. Shuningdek, sa'y-harakatlar daraxt va buta turlarini diversifikasiya qilish, ularning kasalliklarga chidamliligini oshirish va biologik xilma-xillikni oshirishga qaratilishi maqsadga muvofiq.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

“Yashil makon” kabi tashabbuslar naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekani tashabbus ilgari surilgan oyning o‘zidayoq, kun tunga aylangan, quyuq chang Toshkent quyoshi va moviy osmonini to‘sib qo‘ygan 5 noyabr' kuni ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ldi. Asosan, Toshkent va Sirdaryo viloyatining janubiy hududlarini qamrab olgan chang bo‘roni mamlakatda meteorologik kuzatuvlar yuritila boshlangan 1871 yildan buyon ro‘y bergan eng kuchli bo‘ron bo‘ldi.

Ushbu ekstremal ob-havo hodisasi Glazgodagi iqlim o‘zgarishi bo‘yicha BMT Konferensiyaning 26-sessiyasi - sayyoramiz kelajagi muhokama qilinadigan eng yirik va eng muhim anjuman paytiga to‘g‘ri keldi. Konferensiya  ishtirokchilari Orol dengizining qurishi tufayli Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi jarayoni boshqa mintaqalarga qaraganda ikki barobar tez kechayotganini alohida ta'kidlashdi. Iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarni to‘liq anglab yetgan holda, O‘zbekiston kelgusi o‘n yil davomida o‘z iqtisodiyotining tashlanmalar jadalligi – mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish jarayonida paydo bo‘ladigan issiqxona gazlari miqdorini 35 foizga kamaytirish majburiyatini oldi.

Chang bo‘roni ostidagi Toshkent - NASA Yer observatoriyasi suratlari. 2021 yil 4 noyabr' va 2021 yil 5 noyabr'.

Manba: NASA EOSDIS LANCE va GIBS/Worldview asosida MODIS ma'lumotlaridan foydalangan holda Loren Dofin tomonidan olingan NASA Yer observatoriyasi suratlari.

O‘zbekiston kabi hududlarda chang bo‘ronlari bilan bog‘liq bo‘lgan eng katta xavflardan biri yirik qattiq zarrachalar (PM10) bo‘lib, 5 noyabr' kuni ularning hajmi havoning har kub metrida 18 000 mikrogrammgacha yetib, ko‘pincha, ularning tarkibida, changdan tashqari, boshqa moddalar ham bo‘ladi. 

Bu changning katta qismi 1960 yillarda mintaqaning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun suv oqimi o‘zgartirilishi natijasida qurib, cho‘lga aylangan Orol dengizining tubidan ko‘tariladi. Orol dengizining qurigan tubi o‘rnida sanoat va qishloq xo‘jaligi chiqindilarining zaharli ifloslantiruvchi moddalari bilan to‘yingan ulkan cho‘l paydo bo‘ldi. Orol dengizi qirg‘oqlarida yashagan odamlar esa yoki ko‘chib ketdi, yoki hayotlari qiyinchiliklar bilan kurashda o‘tmoqda. Bu vaziyat onalar va bolalar uchun ayniqsa xavfli, negaki bu hudud dioksinlar kabi atrof-muhitni ifloslantiruvchi moddalar darajasi bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘rinlardan birida turadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 1960 yillar oxirlaridan boshlab Orol dengizining qurigan tubidan har yili 75 million tonnadan ziyod chang va zaharli tuzlar havoga ko‘tariladi. Surxondaryo viloyati mamlakatning janubi-sharqiy chegarasida joylashgan bo‘lib, garmsel yoki afg‘on shamoli, deb nom olgan quruq issiq shamollardan aziyat chekadi. Bunday shamollar har yili bir necha marta sodir bo‘lib, changni 20-25 m/s gacha tezlikda ko‘chirib yuradi. Garmsel havoni zaharlashdan tashqari, unumdor tuproq qatlamlariga zarar yetkazadi va qishloq xo‘jaligidagi hosildorlik darajasini pasaytiradi.

Orolbo‘yi mintaqasi 2018 yildan buyon Hukumat va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan o‘rmonlashtirish bo‘yicha qizg‘in  kampaniyaning diqqatmarkazida turgani bejiz emas. Mazkur kampaniya doirasida saksovul ko‘chati tanlab olingan bo‘lib, u qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik hisoblangani bois tuproqni himoya qilish va ortiqcha bug‘lanishni kamaytirish, pirovardida, mahalliy mikroiqlimni yaxshilash uchun keng miqyosda ekilmoqda. 2030 yilga qadar 

500 ming gektar maydonga saksovul ekish bo‘yicha belgilangan maqsadga O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi 2020 yildayoq erishishga muvaffaq bo‘ldi . Futbol tilida aytadigan bo‘lsak, bu - 930 000 dan ziyod futbol maydoniga teng.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

“Yashil makon” tashabbusi BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish to‘g‘risidagi 2021 yilgi rezolyusiyasi maqsadlari bilan hamohang. Dunyoning 60 ta davlati hammuallif bo‘lgan ushbu muhim hujjat atrof-muhit holatini tiklash va yaxshilash, tabiiy resurslarni, shu jumladan, suv resurslarini asrash va mintaqadagi turmush darajasini yaxshilash uchun tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy faoliyat yuritishga chaqiradi. BMTTD mazkur sa'y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda O‘zbekiston Hukumatiga kompleks chora-tadbirlar turkumini ishlab chiqish va amalga oshirishda ko‘maklashish maqsadida, innovasiyalar, texnologiya va siyosat sohasidagi mutaxassislarni o‘z ichiga olgan ko‘p tarmoqli guruhni tuzdi.

Shoshqaloqlik naf bermaydi, tayyorgarlik esa muvaffaqiyat kalitidir 

Fikrimizcha, “Yashil makon” – yuqori maqsadlarga yo‘naltirilgan jadal tashabbus bo‘lsa-da, puxta tayyorgarlik va rejalashtirish orqali uning yanada samaraliroq bo‘lishini ta'minlash mumkin. O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash dasturlari doirasida istalgan natijalarga erishish uchun uzoq muddatli investisiyalar va boshqaruv bilan bir qatorda, puxta  rejalashtirish va doimiy diqqat-e'tibor talab etiladi. O‘zbekiston kabi suv taqchilligi kuzatiladigan mamlakatlarda daraxtzorlar barpo etish suv resurslariga bo‘lgan yuklamani yanada oshiradi. O‘rmonchilik sohasi mutaxassislarining ta'kidlashicha, daraxtzorlarni barpo etishdagi asosiy masala – bu daraxtlarning qaysi turlarini ekish, qaerda va qanday zichlikda ekish.

Ayrim mamlakatlar daraxtzorlarni yaratish dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga erishgan. Masalan, Xitoyda “Buyuk yashil devor” loyihasi natijasida chang bo‘ronlarining takrorlanish darajasi va jadalligi pasaygan bo‘lsa, Afrikaning Sahel hududidagi cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha umumafrika dasturi doirasida Senegalda 40 ming gektar maydonga 12 million tup daraxt ekildi. Boshqa mamlakatlarning muvaffaqiyatlari va muvaffaqiyatsizliklaridan olinadigan saboqlar kutilmagan oqibatlar xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Biz, shuningdek, daraxtzorlar yaratishga kirishishdan avval Ko‘kalamzorlashtirish bosh rejasi bilan bog‘liq bo‘lgan kompleks texnik-iqtisodiy asoslash o‘tkazilishini tavsiya qilamiz. Mazkur tayyorgarlik bosqichi muhim ekologik zonalar va ekish maqsadlarini aniqlash, daraxt, buta yoki maysalar ekish uchun mos keladigan joylarni belgilash, monitoring tizimini yaratish, yerga egalik qilish masalalarini hal qilish, uglerod tashlanmalari miqdorini kamaytirish yo‘llarini aniqlash va sug‘orish infratuzilmasini rejalashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, turli manfaatdor tomonlar sa'y-harakatlari unumdorligini ta'minlash uchun samarali muvofiqlashtirish tizimi zarur. Dasturni amalga oshirishning turli bosqichlarida, jumladan, ko‘chatzorlarni qo‘llab-quvvatlash, ekish, infratuzilmani rivojlantirish, parvarishlash, moliyalashtirish, monitoring jarayonlarida ishtirok etayotgan turli muassasalar harakatlariuyg‘unligi va muvofiqlashtirilgan bo‘lishini ta'minlash juda muhim. Dastur maqsadlariga erishish uchun samarali yetakchilik va muvofiqlashtirish tizimi mavjud bo‘lishi lozim.

Nihoyat, dastur natijalari belgilangan yuqori maqsadlarga mos bo‘lishini ta'minlash uchun imkon qadar qisqa vaqt ichida samarali va innovasion moliyalashtirish modeli joriy etilishi lozim. “Yashil makon” davlat jamg‘armasining tashkil etilishi maqtagulik ilk qadam, ammo maqsadga erishish uchun davlat investisiyalarining o‘zigina yetarli bo‘lmaydi. Jalb qilinadigan nodavlat mablag‘larining hajmini ko‘paytirish hamda investisiya va moliyalashtirish manbalarini kengaytirish lozim. Bularga o‘rmonlardan barqaror foydalanish va o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish maqsadlariga yo‘naltirilgan xalqaro moliyalashtirish, xususiy ichki moliyalashtirish va yashil/BRM obligasiyalari kiradi.

BMTTD va unga yondosh tashkilotlar, jamg‘armalar hamda BMT dasturlari mazkur tashabbusni muvaffaqiyatli amalga oshirilishini tilagan holda “Yashil makon” dasturini kelgusi besh yillik davrdagi barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, buni istaymiz va bunga qodirmiz.

[1] https://www.bonnchallenge.org/resources/spotlight-uzbekistan