Hayot - manzil emas, balki sayohatdir...

2-December, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Inson hayoti - uning oddiy jismoniy mavjudligidan farqli oʼlaroq, haqiqiy hayoti - turli vaqtlarda boshlanadi. Bu borada mening - Samarqand viloyatining Urgut tumanida tugʼilib oʼsgan yosh bolakayning hayoti 1970 yillarning boshida boshlangan.

Tengdoshlarimga nisbatan boʼyim biroz pastroq boʼlganini hisobga olmaganda, boshqalar singari oddiy bola edim. Ammo keyinroq, boshlangʼich maktabga borganimda, meni boshqalardan ajratib turadigan baʼzi jihatlarni seza boshladim. Koʼrish qobiliyatim pastroq edi. Doskadagi yozuvlarni koʼchirib yozish yoki kichik shriftdagi matnlarni oʼqish men uchun qiyinchilik tugʼdirardi. Tez orada ota-onam televizorga juda yaqin oʼtirib, tomosha qilayotganimni payqashdi. Meni koʼz shifokoriga olib borishdi va menga «tugʼma koʼrish nuqsoni» tashxisi qoʼyildi.

Bu holat mening yosh shaxsiyatimni oʼzgartirib, shakllantira boshladi. Men oʼqishda va boshqa bir qator muhim hayot jabhalarida muvaffaqiyatga erishish uchun koʼproq kuch sarflashim va boshqalarga qaraganda chidamliroq va tirishqoqroq boʼlishim kerakligini angladim. Sinf xonasining old qismidan joy band qilish uchun maktabga ertaroq borishimga toʼgʼri kelardi. Koʼp sonli tibbiy muolajalar va yordamchi vosita - koʼzoynak sotib olganimga qaramay, yuzlar va narsalarni tanib olish va jismoniy muhitda orientir olish qiyin vazifaga aylangandi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Tirishqoqligim hech boʼlmaganda maktabda oʼz samarasini bera boshladi. Men oʼrta maktabda aʼlo baholarga oʼqib, uni oltin medal bilan bitirdim.

Soʼngra kirish imtihonini muvaffaqiyatli topshirib, Samarqand davlat universitetida oʼqishni boshladim. Universitetda oʼqish davrimda tana aʼzolarim harakatlarini muvofiqlashtirish va chap qoʼlimni harakatlantirish bilan bogʼliq muammolar yuzaga kela boshladi. Bu, ehtimol, erta bolalikda olgan jarohatim tufayli yuzaga kelgan.

Butun hayotim davomida bu nuqsonlar taʼlim, kasb va boshqa muhim hayot jabhalarida toʼlaqonli ishtirokimni murakkablashtirardi. Biroq, bu nuqsonlar maqsad va vazifalarga erishishimga toʼsqinlik qilmadi. Aksincha, ular meni yanada qatʼiyatli, sodiq, topqir, sabrli, hamdard va inson manfaatlari uchun xizmat qilishga yoʼnaltirilgan shaxs boʼlib shakllantirdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Universitetni tamomlagach, viloyat bojxona boshqarmasida bojxona eksperti lavozimida ishladim va boshqarmaning yangi kimyo laboratoriyasini ishga tushirish bilan bogʼliq boʼlgan professional faoliyatimdagi birinchi loyihani amalga oshirdim. Boshqarma qayta tashkil etilgach, men yosh mutaxassis sifatida birinchi marta haqiqiy chetlashtirishni boshdan kechirdim. Jismoniy va sensor nuqsonlarim tufayli muddatli harbiy xizmatga yaroqsiz deb topildim, shu bois boshqarmada faoliyatimni davom ettirishga ruxsat berishmadi.

Hayotimizdagi doimiy qonuniyatlardan biri - bu turli xil oʼzgarishlardir. Men bu oʼzgarishni boshqa imkoniyatlarni kashf qilish imkoniyati sifatida qabul qildim va tez orada “British American Tobacco (BAT) Uzbekistan” qoʼshma korxonasida sifat nazorati inspektori sifatida ish boshladim. Men “BAT Uzbekistan” kompaniyasida ishlagan vaqtimni minnatdorlik bilan eslayman, negaki kompaniya shaxsiy va kasbiy rivojlanishimga yordam berish uchun koʼplab imkoniyatlar, xususan oʼquv kurslarida qatnashish imkoniyatini taqdim etdi. Meni boshqaruv boʼyicha stajyor sifatida tanlab olishdi, kompaniyada Rahbar kadrlar malakasini oshirish boʼyicha ikki yillik global dasturni tamomladim va mahsulot dizayneri lavozimiga tayinlandim.

Hayot yoʼlimizda baʼzan muhim qaror qabul qilish kerak boʼlgan muhim onlar boʼladi. Yo AQShga koʼchib oʼtish yoki “BAT Uzbekistan” kompaniyasida faoliyatimni davom ettirish oʼrtasida tanlov qilish hayotimdagi koʼplab shunday onlardan birinchisi boʼldi. Uzoq mulohazalardan soʼng Oʼzbekistonni tark etib, hammasini boshidan boshlashga qaror qildim. Albatta, bu boshqa mamlakatga koʼchib oʼtish bilan bogʼliq koʼplab qiyinchiliklarni yengib oʼtish uchun katta jasoratni talab qilardi, ammo Aabas Sadkani taʼkidlaganidek, "Muvaffaqiyatning muhim elementlaridan biri - bu tavakkalchilik. Tavakkal qilishdan qoʼrqmaganlargina muvaffaqiyatga erishadi”.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

AQShda joylashganimdan soʼng, 3M konglomerati tarkibiga kiruvchi CUNO Engineering kompaniyasida mahsulot sifati boʼyicha mutaxassis sifatida ishlay boshladim. Bu davr men uchun yangi anʼanalar, turmush tarzi va madaniy odatlar, shuningdek, kasbiy koʼnikmalar bilan tanishish uchun oʼrganish va oʼsish davri boʼldi.

Turli xil kundalik muammolar hayotning ajralmas qismidir. Qoʼshma Shtatlarda men jamoat transportidan foydalanish qulayligi nuqtai nazaridan jiddiy toʼsiqga duch keldim. AQShda mavjud jamoat transporti tizimlarining aksariyati aholi zichligi va jamoat transportiga talab yuqori boʼlgan markaziy, shahar hududlarida joylashgan. Mashina haydashni yaxshi koʼradigan odamlar uchun bu muammo boʼlib tuyulmasligi mumkin, lekin men kabi turli sabablarga koʼra mashina hayday olmaydigan odamlar uchun bu jiddiy muammo tugʼdiradi va kundalik hayotda katta toʼsiq boʼladi.

Bir muddat mulohaza yuritib hamda doʼstlar bilan maslahatlashgach, yana koʼchishga qaror qildim. Bu safar men Nyu-York shahriga koʼchib oʼtdim va Silver Rod kompaniyasiga qarashli ixtisoslashtirilgan dorixonada farmatsevt boʼlib ishlay boshladim.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Bugun mening hikoyamni xuddi bir sarguzashtdek soʼzlab berishimiz mumkin, lekin aslida hammasi oson boʼlmagan. Hayotimdagi har bir oʼzgarish puxta tahlil qilish, rejalashtirish, tayyorgarlik, resurslar, aloqalar oʼrnatish va bor kuch-gʼayratimni ishga solishni talab qilgan. Nogironlik holati har doim qoʼshimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqarardi. Hatto eng oddiy vazifalar ham baʼzan qoʼshimcha vaqt talab qilardi.

Dorixonada boshlangʼich lavozimda boʼlishimga qaramay, men lavozim boʼyicha koʼtarilishning kompleks rejasini ishlab chiqdim va sogʼliqni saqlash tizimining turli jihatlarini, jumladan, tibbiy sugʼurta, klinik farmakologiya, tovar-moddiy zaxiralarni boshqarish va mahsulotlarni muomaladan chiqarishni boshqarishni oʼrganishni boshladim. Peshtaxtada turib mijozlar bilan ishlash mening yashirin shaxsiy xususiyatlarimni ochib berdi. Men oʼzimda mijozlarga xizmat koʼrsatishga yoʼnaltirilgan koʼplab fazilatlarga ega boʼlgan tugʼma davlat xizmatchisini kashf etdim. Ayni paytda, bir nechta internat uylari va surunkali kasalliklarga chalingan bir qator bemorlar bilan yaqindan ishlash natijasida men nogironligi boʼlgan shaxslar manfaatlari himoyachisi sifatida shakllana boshladim. Uzluksiz taʼlim, ish joyida oʼqish, tirishqoqlik, oʼziga xoslik, ishonchlilik va bor kuchimni ishga solishga tayyorligim natijasida asta-sekin korporatsiyada lavozim pillapoyalari boʼylab koʼtarildim. Men korporatsiya Maxsus boʼlimini rivojlantirishda faol ishtirok etdim va koʼp oʼtmay boʼlimga rahbar etib tayinlandim. Xizmat vazifalarimga boʼlimning Oldindan ruxsat berish tizimini ishlab chiqish va nazorat qilish, HIPAA (Tibbiy sugʼurtaning meros boʼlib oʼtishi va u boʼyicha hisobdorlik toʼgʼrisidagi qonun) va OSHA (Mehnat muhofazasi va sanoat gigienasi boshqarmasi) talablariga muvofiqlikni monitoring qilish, tashqi auditlarga tayyorgarlik koʼrish, oylik moliyaviy hisobotlar, tovar-moddiy zaxiralarni boshqarish, tibbiy xizmat koʼrsatuvchi va farmatsevtika kompaniyalari bilan aloqalar oʼrnatish, mahsulotlarni muomaladan chiqarishni boshqarish, dori terapiyasini boshqarish va stajer framatsevtlar uchun treninglar oʼtkazish kirardi va bu roʼyxatni yana davom ettirishim mumkin. Ishimning eng foydali qismi turli nogironlik holatlari boʼlgan shaxslar bilan muloqot qilish, ularning muammolarini tinglash, terapiya seanslarida ularga tasalli berish va imkon qadar yordam va qoʼllab-quvvatlov taklif etish boʼlganini eslayman. Ularning davolanish bilan bogʼliq muammolarini hal qilishda ularga yordam berish uchun samimiy va gʼayratli harakatlarimni payqab, minnatdorchilik bildirganlarida, hayotimning eng quvonchli daqiqalarini boshdan kechirganman.

Barchamiz bilamizki, hayot toʼxtovsiz davom etadi va baʼzi narsalar bizning nazoratimizdan tashqarida. Baʼzida harakatlarimiz istalmagan oqibatlarga olib keladi. Taxminan oʼn yildan ortiq vaqt davomida qoʼshimcha soatlar bilan ishlash hamda ish va shaxsiy hayot oʼrtasida muvozanatni taʼminlamaslik sogʼligʼimga taʼsir koʼrsata boshladi. 2019 yil oxirida mini insultni boshdan kechirdim. Simptomlar orasida vaqtinchalik xotira yoʼqolishi, doimiy migren bosh ogʼrigʼi va kuchli charchoq bor edi. Inson tanasi kompleks qayta tiklanish va oʼz-oʼzini davolash qobiliyatiga ega boʼlgan murakkab, yuqori darajada tashkil etilgan tuzilmadir va bu muvozanat buzilganda, bu tizimlarni meʼyorga keltirish vaqt kerak boʼladi. Insult yuz berganidan koʼp oʼtmay, asta-sekin tiklanishni boshladim.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

2020 yil fevral oyining oxirida taʼtil olib, Oʼzbekistondagi oilamni koʼrgani borishga qaror qildim. Oʼsha paytda bir necha haftadan keyin bizning zamonamizning Buyuk pandemiyasi butun dunyo boʼylab kundalik hayotni oʼzgartirib yuborishini hech kim bilmas edi. COVID-19 tufayli xalqaro sayohatlar toʼxtatildi, korxona yopildi, global taʼminot zanjiri uzildi va son-sanoqsiz odamlar tirikchilik va hayot vositalaridan ayrildi.

Boshqalar singari, men uchun ham pandemiya davri juda ogʼir keldi. Sogʼliqni saqlash boʼyicha yangi chora-tadbirlarga moslashishdan tashqari, men 20 yilga yaqin vatanimda boʼlmaganimdan keyin murakkab reintegratsiya jarayonini boshdan kechirardim. Bu izolyatsiya va karantin vaqti menga keyingi qadamlarim toʼgʼrisida fikr yuritishuchun keng imkoniyatlar berdi. Men insonparvarlik tashkilotlarida va koʼngilli sifatida ishlash imkoniyatlarini qidirdim, lekin munosib lavozim topish uchun vaqt kerak boʼldi. Taxminan bir yillik ish qidirish va uzluksiz onlayn taʼlimdan soʼng, nihoyat, men BMTning koʼngillilar dasturiga nogironligi boʼlgan shaxslarni jamiyatga reintegratsiya qilish boʼyicha milliy mutaxassis sifatida qoʼshilish taklifini oldim. Xususiy sektor va sogʼliqni saqlash sohasi bilan yaxshi tanish boʼlganim sababli, dastlab bu oʼtish qiyin boʼladi deb oʼyladim. Tizimli fikrlash nuqtai nazaridan oʼzgarishlardan tashqari, men masofadan ishlashga ham moslashishga majbur boʼldim. Bu oson boʼlmadi, lekin doʼstlarim va hamkasblarim yordamida men hozirgi kunda BMTTDning Oʼzbekistondagi vakolatxonasida BMTTD koʼngillisi - nogironligi boʼlgan shaxslarni jamiyatga reintegratsiya qilish boʼyicha maslahatchisi sifatida oʼz hayot yoʼlimni davom ettirmoqdaman va keyingi reintegratsiya yoʼlida turibman.

Shuni qoʼshimcha qilishni istardimki, bu hayot hikoyasi, boshqalar kabi, bizga boshqa insonning hayot tajribasidan saboq olish imkoniyatini beradi. U bizning fikr va qadriyatlarimizni shakllantirishi, mustahkamlashi yoki ularga qarshi chiqishi mumkin. Bu, shuningdek, nogironlikning bir necha shakliga ega boʼlgan inson toʼgʼrisida hikoyadir. Men mazkur hikoyani oʼzimni “Dovud va Jolut” hikoyasidagi Dovud singari qahramon sifatida koʼrsatish uchun soʼzlab berayotganim yoʼq, umuman unday emas. Men bu hikoyani oʼz tashabbuslarim, makon va vaqtning ushbu muayyan chorrahasida hayotni qanday boshdan kechirayotganimni baham koʼrish uchun soʼzlab beryapman. Yoshi, irqi, jinsi, nogironligi yoki xilma-xillikning boshqa koʼrinishidan qatʼi nazar, har bir inson uchun har doim imkoniyatlar mavjudligini aytishga harakat qilyapman. Har bir inson oʼz oldiga ulkan maqsadlar qoʼyishi va muvaffaqiyatga erishish yoʼlidagi yengib boʼlmaydigan jismoniy, ekologik, axloqiy va boshqa toʼsiqlarni yengib oʼtishi mumkin. Eng muhimi, har bir inson oʼz salohiyat va qobiliyatlarini amalga oshirish yoʼlida asosiy huquq va erkinliklardan foydalanish huquqiga egadir.