BMTTD mahallalar bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

7-November, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Zo`ravon ekstremizm - bu chegara bilmaydigan, butun dunyo bo`ylab odamlarga ta`sir ko'rsatadigan va jamiyat uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqaradigan murakkab fenomen. Uning oqibatida, ijtimoiy hamjihatlik buziladi, noroziliklardan esktremistik maqsadlarda foydalaniladi va insonlar zo'ravonlikka qo`l uradilar.

Bugungi kunda global maydonda zo`ravonlikka asoslangan ziddiyatlar kuchayib, 2 milliarddan ortiq odamning hayotiga ta'sir qilmoqda, ulardan 82,4 millioni o'z uylarini tashlab ketishga majbur bo'lgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2022-yilda zo`ravon ekstremiz bilan bog`liq tahdidlarga hushyorlikni oshirish va ushbu sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida 12-fevral - Xalqaro zo`ravon ekstremizmning oldini olish kuni deb belgiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tinchlik-parvarlik va zo`ravon ekstremizmni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishda muhim rol o`ynaydi. Bu yo`nalishda, o`zining ko`p qirrali va rivojlanishga yo`naltirilgan yondashuvi orqali BMTTD dunyoning 41 davlati, jumladan, O`zbekiston bilan hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda.

Bugungi kunda, O`zbekiston ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish borasida o`z salohiyatini oshirish bo`yicha faol ishlar olib bormoqda. 2021-yil 6-iyulda qabul qilingan “2021-2026 yillarga mo`ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” mazkur sohada davlat organlari, fuqarolar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari o`rtasida muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Zikr etilgan strategiyani amalga tadbiq etishda ko'mak berish maqsadida BMTTDning O`zbekistondagi vakolatxonasi 2021-2023 yillarda "Osiyoda zo'ravon ekstremizmga qarshi barqarorlikni kuchaytirish (STRIVE Asia)" pilot loyihasini amalga oshirdi. Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko`magida va BMTning turli agentliklari tomonidan amalga oshirilgan global loyiha bo`lmish “STRIVE Asia” dan ko`zlangan asosiy maqsad - Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida olib borilayotgan profilaktika ishlarini qo`llab-quvvatlash.

Loyihaning ahamiyatga molik jihatlaridan biri, unda ko`zlangan tadbirlarning aynan mahallalarga yo`naltirilgani bo`ldi. Mahalla boy tarixga ega fuqarolik jamiyatining noyob instituti hisoblanib, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarishning samarali mexanizmidir. Mahallalar insoniy qadriyatlar, milliy madaniyat va jamiyat hamjihatligini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Loyiha implementatsiyasi jarayonida, asosiy urg'u mahallalarda ijtimoiy inklyuziv qarorlar qabul qilishni takomillashtirish, fuqarolarning bu yo'ldagi samarali ishtiroki, aholining xabardorligi va hushyorligini oshirish va ekstremizga qarshi kurashish va uni oldini olish bo'yicha bilim darajasini kuchaytirish, hamda jamoa orasida norozilik holatlarini erta bosqichda aniqlash kabi masalalarga berildi.

BMTTD davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan mahallalar manfaatlarini ifodalovchi maslahat guruhlarini tashkil etishda hamkorlik qildi. Bundan tashqari, mahalla yetakchilari, jumladan, yoshlar vakillari va ayollar yetakchilari, uchun terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik, inson huquqlarini himoya qilish, ruhiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlash, zo‘ravon ekstremiz profilaktikasining gender bilan bog`liq jihatlariga oid bilim va ko`nikmalari oshirildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Shu bilan birga, BMTTD mahalliy nodavlat-notijorat tashkilotlarning tegishli loyihalarini amalga oshirish uchun grantlar ajratdi. Mazkur loyihalar muqobil sharxlarni ilgari surish, jamiyatning muhtoj qatlamlariga psixo-ijtimoiy yordam ko`rsatish hamda ilg`or xalqaro tajribalarni o`rganish kabi yo`nalishlarni qamrab oladi.

Loyiha doirasida, anjumanlar va jamoat muloqotlarini tashkillashtirish orqali zo'ravon ekstremizmga qarshi kurashishda ayollarning rolini oshirish bo'yicha mamlakatda olib borilayotgan sa'y-harakatlar qo`llab-quvvatlandi.

“STRIVE Asia” faoliyati davomida O`zbekistondagi jami 35 ta mahalla bilan hamkorlik qilindi.

Istiqboldagi rejalarga nazar tashlasak, BMTTD milliy harakatlar dasturlarini amalga oshirish va mahallalarni qo`llab-quvvatlashda O`zbekiston bilan davomiy hamkorlikka hayrihohdir. “STRIVE Asia”dan olingan yutuqlar va saboqlarga tayangan holda, BMTTD inson huquqlariga asoslangan va taraqqiyot yechimlariga qaratilgan kontekstga xos tadbirlarni amalga oshirishda davom etadi. Bo`lajak loyihalar innovatsion yondashuvlarni ham o`z ichiga olishi ko`zda tutilgan, jumladan xulq-atvorga oid tadqiqotlardan foydalanish va sun'iy intellektni qo`llash kabilar.