O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish

24-March, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

BMTTD tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologik xizmati agentligi hamkorligida Yaponiya hukumatinining moliyaviy ko‘magida, shuningdek O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha SATREPS loyihasi ko‘magida qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, mavjud muammolar va O‘zbekiston sharoitida samara beradigan yechimlarni o‘rganish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Iqlim o‘zgarishlari qishloq xo‘jaligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatish orqali unga moslashish masalasini ilmiy doiralar va amaliyotchi mutaxassislar uchun ustuvor o‘ringa qo‘ymoqda. Shu munosabat bilan, o‘tgan anjumanning maqsadi meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilari va umuman qishloq xo‘jaligining iqlimga chidamliligini oshirish masalalarini muhokama qilish uchun prognozlashtirish va ma’lumotlarni tahlil qilish tizimlarini takomillashtirish sohasidagi tadqiqotchilar va amaliyotchi mutaxassislarni jamlashdan iborat.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Anjuman davomida Kioto universiteti xodimlari SiBUC modeli yordamida yerdagi modellashtirish jarayonlari masalalarida Yaponiya tajribasini taqdim etib, Orol dengizi havzasida suv aylanishi hamda suv manbalari bo‘yicha iqlim o‘zgarishining ehtimoliy oqibatlariga doir masalalarni ko‘rib chiqdilar, shuningdek mintaqa oldida turgan iqlim muammolari va ularning agrobioxilma-xillikka ta’siri yuzasidan sharhlarni taqdim etdilar.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Alohida sessiyalar agrometeomonitoringni ta’minlash hamda Farg‘ona vodiysida o‘rnatilgan agrometeostansiyalarning texnik imkoniyatlarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Anjuman O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan da’vatlarni aniqlash hamda ilm-fan yutuqlarini mamlakat sharoitida amaliy qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilish uchun zamin sifatida xizmat qildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

“O'zbekistonning Farg'ona vodiysida meva-sabzavot yetishtiruvchilarning iqlim o'zgarishiga moslashuvini oshirish” loyihasi BMTTD va O‘zgidrometning qo‘shma tashabbusi bo‘lib, Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha agrometeorologik kuzatuvchilar va prognozlashtirish tizimlarini yaxshilash, iqlim o‘zgarishiga chidamli meva-sabzavot xo‘jaliklari uchun xizmatlarni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda rejalashtirish tizimini joriy etish orqali Farg‘ona vodiysidagi qishloq xo‘jaligi jamiyatlarinining ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan.