Qashqadaryo viloyatining Vardon qishlog'ida suv ta'minotini yo'lga qo'yish, mevali bog'larni yaratish va sifatli yem yetishtirish haqida

31-March, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

Bugungi hikoyamiz qahramoni – Vardon qishlog'ining oqsoqoli Bolta G'ulomov. Naq 39 yil davomida Bolta aka qishloq maktabida o'qituvchilik qildi, yana besh yil maktabda direktorlik lavozimida ishladi. Pensiyaga chiqqach, Bolta aka bog'dorchilik va chorvachilik bilan shug'ullandi, u serfarzand oilasiga faol yordam beradi, nabiralarini tarbiyalaydi va shuning barobarida, qishloq oqsoqoli sifatida, qishloqdoshlarining hayotini yaxshilashga intiladi. 

Vardon qishlog'i Hisor qo'riqxonasining yonida joylashgan. Qishloqda 118 ta oila – jami 618 nafar kishi istiqomat qiladi, shundan 240 tasi xotin-qizlardir. Avvalroq, bog' va tomorqalar tashkil etish uchun, qishloq aholisiga 52 oilaning har biriga 0,2 – 0,5 gektar hisobidan jami 16 gektar sug'oriladigan yer ajratilgandi. Shu tufayli keyingi 10 yilda aholi chorvachilikka muqobil faoliyat turlari: daraxtlar parvarishlash va dehqonchilik bilan shug'ullana boshladi. Ammo suvning g'ayrioqilona taqsimlanishi shusiz ham tanqis bo'lgan suv muammosini chuqurlashtirdi. Ko'plab oilalar xarajatlarini qoplay olmadilar va yaylov chorvachiligiga qaytishga majbur bo'ldilar, bu bilan atrofdagi yaylovlarga zarar keltirdilar. Hozirda qishloq aholisida 400 bosh yirik shoxli qoramol va 1500 boshdan ko'proq mayda qoramol mavjud, u yaqin o'rtalarda joylashgan 1000 gektar yaylovga og'irlik qiladi. 

Loyihamiz xodimlari tomonidan Hisor QFYda (Vardon qishlog'i ham unga qaraydi) o'tkazilgan seminarda Vardon oqsoqoli Bolta G'ulomov ham qatnashdi. BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Global ekologik fond va O'zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhoqaza qilish qo'mitasining “Global ahamiyatga ega bioxilma-xillik uchun muhim asosiy tog' mintaqalarida tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va o'rmonlar boshqaruvi” dasturining mikrograntli moliyalash istiqbollari bilan qiziqib hamda o'z qishlog'ini suv bilan ta'minlash orqali hamqishloqlari turmush sifatini yaxshilash muammosini hal qilish g'oyasi bilan ilhomlanib, u foydalanilmayotgan yerlarda bog'lar yaratish va sug'orish uchun suv bilan ta'minlash tizimini yaratishga ariza taqdim etdi.

Qishloqdan 10 km. narida, tog'larda ikkita buloq bo'lib, ularning suvi 40-50 metrdan keyin yer ostiga singib ketadi va daryolar hamda anhorlar uchun ahamiyatsiz sanaladi. Taqdim etilgan grant arizasida ushbu buloqlar suvlaridan foydalanib, suv yetkazish tizimini yo'lga qo'yish yechimi ko'rsatilgandi. Arizaga ko'ra, Hisor QFYga bog' va tomorqalar yaratish maqsadida 98 ta oilaga 23 ga foydalanilmayotgan yerni berish rejalashtirilgandi. Ammo, Shahrisabz tuman hokimligi qarori bilan ushbu Loyihaga tegishli yer yangi tashkil etilgan Shahrisabz o'rmon xo'jaligi tasarrufiga berildi va ish boshlagan Loyiha to'xtab qoldi, bunga mahalliy aholi va o'rmon xo'jaligi xodimlarining qator masalalar yuzasidan kelisha olmaganligi sabab bo'ldi.   


Bahslaru muhokamalardan keyin, birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan, mahalliy aholi va Shahrisabz o'rmon xo'jaligi o'rtasida o'rmon xo'jaligi hududida xo'jalik faoliyatini yuritish bo'yicha kelishuv tuzildi. Unga ko'ra, o'rmon xo'jaligi yerni xo'jalik foydalanuvi uchun beg'araz asosda taqdim etadi, ushbu hududda faoliyat yuritadigan aholi esa, o'rmon xo'jaligi xodimlariga daraxtlar va butalarni muhoqaza qilish va parvarishlashda yordam berishadi.

Ushbu grant arizasi natijalariga ko'ra, 36 ta oila uchun suv yetkazib berish tizimi tuzildi, shuningdek 25 gektardan ziyod yer o'zlashtirildi, u yerda Vardon qishlog'i va yaqinda joylashgan Sho'rhasan qishlog'i aholisi daraxtlar ekib, ular ostida sabzavot hamda mol boqish uchun beda yetishtirmoqdalar. Quvurlarni tashish va yotqizish kabi barcha ishlar oilalarning birgalikdagi harakatlari bilan amalga oshirildi, chunki texnika 1800-2000 metr balandlikdagi bu hududga chiqa olmasdi. Faqat butun jamoaning do'stona va birdamlikdagi faoliyati tufayligina ushbu texnik jihatdan murakkab Loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga muvaffaq bo'lindi.