Chidamlilik qahramonlari (1-qism): Iqlimga moslashuvchan Namangan shahrini barpo etish

Mahalliy yetakchilar favqulodda vaziyatlarga javob qaytarish bilangina cheklanib qolmay, kelajakdagi tahdidlarga tayyor turish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni mustahkamlashga e’tibor qaratmoqda.

2-October, 2026
Aerial view of Namangan City with a distant ferris wheel by the water.

O‘zbekiston shaharlarning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish bo‘yicha pilot shahri — Namangan shahrining manzarasi.

Foto: Husniddin Ato, UNDP O‘zbekiston

Biz barchamiz oilalarimiz uchun xavfsiz va chidamli kelajakni barpo etishni istaymiz: farzandlarimiz xavfsiz o‘ynashi mumkin bo‘lgan daraxtzor va salqin ko‘chalar, jo‘mrakni ochganimizda musaffo va salqin suv oqishi, atrofdagi tepaliklardan to‘satdan sel kelganida esa oilamiz bunga to‘liq tayyor bo‘lishi. Biroq Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarib borar ekan, ushbu oddiy ehtiyojlarni ta’minlash kundalik muammoga aylanmoqda. Namangan shahrida mahalliy yetakchilar inqiroz yuz berishini kutib o‘tirmasdan, bugunoq o‘z hamjamiyatini himoya qilish uchun birgalikda harakat qilmoqda.

Bu chidamlilik birgina yetakchining sa’y-harakati emas. U o‘ziga xos bilim va tajribaga ega bo‘lgan ko‘plab insonlarning umumiy hissasidan tarkib topadi. Ana shu individual sa’y-harakatlarni yagona kuchga birlashtirish maqsadida Namangan shahri UNDP tomonidan amalga oshirilayotgan va Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan qo‘shma tashabbus doirasida pilot shahar sifatida tanlandi.

Tashabbusning umumiy maqsadi iqlim o‘zgarishiga moslashuv (IO‘M) va ofatlar xavfini kamaytirish (OXK) choralarini yagona, kompleks strategiyaga birlashtirish orqali zaifliklarni kuchli jihatlarga aylantirish.

Rejadan amaliyotgacha: tashabbus ortidagi insonlar

O‘tgan yili Namangan shahrida shahar hokimiyati, kommunal xizmatlar, favqulodda vaziyatlar xizmatlari va texnik tashkilotlarni birlashtirgan Texnik ishchi guruh (TIG) tashkil etildi. Joriy yilda esa guruh ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv bo‘yicha mahalliylashtirilgan Harakatlar rejasini rasman ma’qulladi va uni shaharning “Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi”ga bevosita integratsiya qildi. Bu muhim qadam Harakatlar rejasi endilikda real moliyalashtirish va mahalliy siyosiy qo‘llab-quvvatlashga ega ekanini anglatadi.

Ushbu rejani amaliyotga tatbiq etish uchun Namangan turli sohalardagi mutaxassislarni birlashtirdi. Texnik ishchi guruh tarkibiga hokimiyat vakillari, hududiy ekspertlar hamda mahalliy kommunal xizmatlar rahbarlari, jumladan, “Namangan suv ta’minoti” shahar filiali rahbari Dilbar Abdullayeva ham kirdi.

Dilbar stands with arms crossed in front of a building entrance with a blue canopy and an SUV TA'MIN sign.

"Namangan suv ta’minoti” shahar filiali rahbari Dilbar Abdullayeva mahalliy kommunal infratuzilma obyektlari oldida.

Foto: UNDP O‘zbekiston

Dilbar rahbarlik tajribasini kabinetda emas, bevosita amaliyotda orttirgan. U 2003-yilda suv ta’minoti tizimida faoliyatini boshlagan va yillar davomida mahallalar bilan bevosita ishlagan, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni o‘rgangan hamda shahar filialiga rahbarlik qilishdan avval oilalar bilan yuzma-yuz muloqot qilgan.

Ushbu amaliy tajriba shaharni rejalashtirishga bo‘lgan yondashuvini qanday shakllantirgani haqida Dilbar shunday deydi:

“Rahbar faoliyatini eng quyi bo‘g‘indan boshlasa, u shahardagi har bir ko‘cha, har bir oila va har bir quvur tizimidagi haqiqiy vaziyatni tushunadi. Men faoliyatimni inspektor sifatida boshlaganman va aholi xonadonlariga borib, ular bilan yuzma-yuz muloqot qilganman. Ana shu amaliy tajriba odamlarni tinglash, oilalarning kundalik muammolarini tushunish va ularning hayotini chinakam himoya qiladigan infratuzilmani yaratishni o‘rgatadi”, — deydi Dilbar.

Markaziy Osiyoda ayollar xonadonlarda suv ta’minoti, oilaviy gigiyena va hamjamiyat xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Tabiiy ofatlar gender jihatidan neytral emas: infratuzilma iqlim bosimi ostida izdan chiqqanda, kundalik yuk mahalliy ayollar zimmasiga nomutanosib ravishda ko‘proq tushadi. Dilbarning Texnik ishchi guruhdagi ishtiroki inklyuziv boshqaruvni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu ayollar qarorlar qabul qilish jarayonida faol ishtirok etganda, iqlim bo‘yicha rejalar har bir xonadon duch keladigan real va kundalik ehtiyojlar hamda zaifliklarni hisobga olgan holda ishlab chiqilishini ko‘rsatadi.

Xavfni amaliy harakatlarga aylantirish

Bunday turli yo‘nalishdagi yetakchilar qanday qilib yagona Harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishgani haqida so‘ralganda, Namangan shahar hokimligining bosh mutaxassisi va Texnik ishchi guruhi a’zosi Ismoil Faxritdinov quyidagilarni ta’kidladi:

“Dastlabki loyihamizda hudud miqyosida keng qamrovli qariyb 80 ta ehtimoliy tadbir bor edi. Ammo ishchi guruh doirasida birgalikda muhokama qilganimizda, ko‘lamni qisqartirib, bevosita shahrimiz ehtiyojlariga e’tibor qaratishga kelishdik. Ushbu g‘oyalarni shahar darajasidagi 18 ta aniq yo‘nalishga birlashtirdik. Shu orqali har bir loyiha mahalliy xonadonlarga tezkor va amaliy foyda keltirishini ta’minlashni maqsad qildik”, — deydi Ismoil.

Yangi moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish o‘rniga, Harakatlar rejasi O‘zbekistonda bugungi kunda samarali ishlayotgan va aholi ishonchiga ega bo‘lgan mexanizm — ishtirokchi “Tashabbusli budjet”dan foydalanadi. Bu yondashuv mahallalarga o‘z hududlaridagi loyihalarni, jumladan, mahalla yo‘llaridan tortib, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarigacha bo‘lgan tashabbuslarni taklif qilish va ular uchun ovoz berish imkonini berib, qaror qabul qilish vakolatini aholining o‘ziga beradi. 2019 yildan buyon UNDP O‘zbekiston hukumatini ishtirokchi budjetlashtirish tizimini joriy etish va kengaytirishda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bugungi kunda ushbu mexanizm mamlakatda fuqarolarning davlat moliyasini boshqarishdagi ishtirokining eng yorqin namunalaridan biriga aylangan.

Namangandagi asosiy o‘zgarish esa ushbu mablag‘larning qanday yo‘naltirilayotganida namoyon bo‘lmoqda. Texnik ishchi guruh alohida-alohida faoliyat yuritish o‘rniga, mahalla aholisi bilan birgalikda mahalliy iqlim xatarlarini aniqlamoqda. Bu esa yozgi jazirama to‘lqinlaridan tortib, drenaj tizimlarining tiqilib qolishi va chiqindilar bilan bog‘liq muammolargacha o’z ichiga oladi. Shundan so‘ng aholi bilan birgalikda ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqilmoqda. Ushbu takliflar keyinchalik jamoatchilik ovoziga qo‘yishga tayyorlanadi. Shu tariqa, aholiga yaxshi tanish bo‘lgan fuqarolik ishtiroki mexanizmi hamjamiyatning o‘zi boshqaradigan iqlimga chidamlilikni ta’minlashning bevosita vositasiga aylanmoqda.

Surat taglavhasi: Namangan shahrida ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv bo‘yicha 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan rasman tasdiqlangan Harakatlar rejasi. Namangan shahar hokimi tomonidan tasdiqlangan. UNDP O‘zbekiston.

Kelajakka nazar: mustahkam poydevor

UNDP va Yaponiya hukumati ko‘magida Namangan shahri iqlim o‘zgarishiga qarshi oldindan va mahalliy ehtiyojlardan kelib chiqib ko‘riladigan choralar samarali bo‘lishi mumkinligini namoyish etmoqda.

Biroq siyosiy va institutsional choralar faqat boshlanishi. Harakatlar rejasi tasdiqlanar ekan, shahar rahbarlari allaqachon keyingi avlodga yo‘l ochmoqda: mahalliy yoshlarni jalb etib, yashil tashabbuslarni shahar ko‘chalarida amaliyotga tatbiq etishga zamin yaratmoqda.

Namangan Markaziy Osiyo uchun yangi yondashuvni shakllantirmoqda. Boshqa shaharlar Namangan tajribasidan nimalarni o‘rganishi mumkinligi haqida so‘ralganda, Ismoil buni quyidagicha ifodaladi:

“Haqiqiy chidamlilik faqat infratuzilma bilan bog‘liq emas, bu odamlarning fikrlash tarzini o‘zgartirish bilan ham bog‘liq. Maktablar va oliy ta’lim muassasalarida tabiiy ofatlarga tayyorgarlik bo‘yicha bilim berish va issiqlik ta’sirini kamaytirish uchun shahrimizni muntazam ravishda ko‘kalamzorlashtirish orqali farzandlarimiz xavfsiz, tayyor va Namangan bilan faxrlanadigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishini ta’minlaymiz”, — deydi Ismoil.

Group of students around a table, smiling and studying a large open book.

Namangan shahrida tabiiy ofatlarga tayyorgarlik va iqlim xabardorligi bo‘yicha mashg‘ulotda ishtirok etayotgan mahalliy o‘quvchilar.

UNDP O‘zbekiston.

Ushbu maqola “Chidamlilik qahramonlari” nomli uch qismli hikoyalar turkumining birinchi qismi bo‘lib, unda O‘zbekistonning Namangan shahri mahalliy va inklyuziv iqlim choralarini ilgari surishda qanday yetakchilik qilayotgani yoritiladi. Munitsipal moliyalashtirishni mustahkamlash va inklyuziv yetakchilikni shakllantirish orqali Dilbar va Ismoil kabi fidoyi insonlar iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan shahar uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Biroq Ismoil ta’kidlaganidek, haqiqiy chidamlilik kelajak avlodga ham bog‘liq. “Yashil avlod” deb nomlangan 2-qismda biz mahalliy yoshlar va talabalar bilan tanishamiz. Ular Namanganning yashil va iqlim o‘zgarishiga tayyor kelajagini shahar ko‘chalarida amaliyotga tatbiq etish uchun bu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqda.

Ushbu turkum “Markaziy Osiyoda tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishiga nisbatan shaharlar chidamliligini oshirish” mintaqaviy tashabbusi doirasida tayyorlandi. Tashabbus Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va UNDP tomonidan amalga oshiriladi.