Namanganning iqlim rejasini hayotga tatbiq etish uchun o‘z mahallalarini safarbar qilayotgan yosh faollar bilan tanishing.
Bardoshlilik qahramonlari (2-qism): Yashil avlod
13-October, 2026
Yosh ekolog ko‘ngillilar faoliyat va keyingi qadamlarni muhokama qilish uchun yig‘ilishdi.
Ushbu turkumning 1-qismida Namangan mahalliy rahbarlari ofatlar xavfini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha moliyalashtirilgan, 18 banddan iborat Harakatlar rejasini qanday ishlab chiqqani haqida so‘z yuritgan edik. Ushbu mahalliy dasturiy hujjat Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan va BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) tomonidan amalga oshiriladigan “Markaziy Osiyoda ofatlar xavfi va iqlim o‘zgarishiga nisbatan shaharlar barqarorligini oshirish” mintaqaviy tashabbusi doirasida ishlab chiqilgan. Rejada ulkan maqsadlar belgilangan bo‘lsa-da, siyosiy qarorlar odamlar ularni o‘z mahallalarida hayotga tatbiq etishga kirishgandagina haqiqiy mazmun kasb etadi.
Bu jarayonda Namanganda Farruxbek Qosimov boshchiligida faoliyat yuritayotgan milliy yoshlar tashabbusi — “Yosh ekolog” harakati muhim o‘rin tutadi. Jadal sur’atlarda kengayib borayotgan ushbu harakat viloyat bo‘ylab 670 nafardan ortiq ko‘ngillini safarbar qilgan. Tarmoq turli yoshdagi ishtirokchilarni birlashtiradi: tabiatga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rganayotgan bog‘cha bolalaridan tortib, 8-sinfda o‘qiydigan faol Ulug‘bek, 19 yoshli universitet talabasi Zulfiya Adasheva va universitet bitiruvchisi, 25 yoshli Ahmadjon Mamadjanovgacha. Yoshidan qat’i nazar, barcha ishtirokchilar o‘z shaharlarini asrashdek umumiy maqsad yo‘lida bir-birlarini aka-uka va opa-singillardek ko‘radilar.
“Bu harakatga qo‘shilganingizda, dunyoni yaxshiroq qilish uchun o‘z hissangizni qo‘sha olishingizni anglaysiz. Tarixan Namanganda ustoz-shogird an’analari boy bo‘lgan. Bugun ham ushbu ruh ko‘ngillilar tarmog‘imizda davom etmoqda: biz qo‘shnilarimizga umumiy uyimizni qanday asrashni ko‘rsatmoqdamiz”, — deydi Ahmadjon.
Sinfxonadan mahallagacha
Quruq va changli tepaliklar bilan o‘ralgan shaharda Namanganni yashil hududga aylantirish uchun ezgu niyatning o‘zi yetarli emas. Ulug‘bek kabi mahalliy o‘quvchilar uchun ekologik faoliyat har kungi amaliy mashg‘ulotdir: ular tushdan keyin daraxt ko‘chatlari yetishtiriladigan ko‘chatzorlarga qarash, maktab hovlilarini ko‘kalamzorlashtirish va yosh nihollarni saqlab qolish uchun tomchilatib sug‘orish tarmoqlarini parvarishlash bilan shug‘ullanadilar.
O‘zlarini atrof-muhitni muhofaza qilishga hali juda yosh deb hisoblaydigan tengdoshlariga yoshlar guruhi nima deyishi haqidagi savolga Zulfiya ko‘ngillilar nomidan javob berdi:
“Ekologiya — bu hayot. Usiz kelajak yo‘q. Biz bahslarga berilib ketmaymiz yoki boshqalarning harakat qilishini kutmaymiz. Atrof-muhitni muhofaza qilish borasida erishgan aniq natijalarimiz orqali jamoaviy ovozimizni namoyon etamiz. Mahalla aholisi nimalarga qodir ekanimizni ko‘rganda, har kim barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘sha olishini anglaydi”.
Mahallalarda kengayib borayotgan harakat
Ahmadjon olti yil avval ko‘ngillilik faoliyatini boshlaganida, Namangandagi ko‘plab oilalar uchun jamoat ishlarida ko‘ngilli bo‘lib qatnashish tushunchasi begona edi va bu tashabbus ko‘pincha shubha bilan qarshi olinardi. Bugun esa bu qarash o‘zgargan.
Yosh ko‘ngillilar mahallama-mahalla xonadonlarga tashrif buyurib, keksalar bilan suhbatlashadilar, shaharning iqlim maqsadlarini tushuntiradilar va sinfdoshlarini harakatga qo‘shilishga taklif qiladilar. Murakkab ekologik xavflarni mahallaga kundalik g‘amxo‘rlik qilish bilan bog‘liq amaliy ishlarga aylantirish orqali ular oilalar ishonchini qozondilar. Endilikda ota-onalar farzandlarini ushbu harakatga qo‘shilishga faol rag‘batlantirmoqda.
Joylarda amalga oshirilayotgan tashabbuslar
1-tashabbus: “Chiqindisiz ko‘cha” loyihasiga yo‘l ochish
Namangan Harakatlar rejasi doirasida mahalliy rahbarlar kommunal chiqindilarni boshqarish tizimini ikki yo‘nalishda modernizatsiya qilishni belgiladilar: mahalla darajasida chiqindilarni saralash va qayta ishlash hamda raqamli infratuzilma xaritasini yaratish.
UNDP tomonidan ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus tajriba tariqasidagi “Chiqindisiz ko‘cha” modelini shahar miqyosidagi raqamli chiqindilar xaritasi bilan birlashtiradi. “Chiqindisiz ko‘cha” modelida mahallalarda oziq-ovqat qoldiqlari, qayta ishlanadigan chiqindilar va boshqa umumiy chiqindilar uchun alohida uchta konteyner o‘rnatiladi. Raqamli xarita esa chiqindilar tashlanadigan joylar va ularni yig‘ish yo‘nalishlarini kuzatish uchun mo‘ljallangan.
Ushbu strategiyani amalda ro‘yobga chiqarish uchun ko‘ngillilar Namangan mahallalari bo‘ylab ish olib bordilar. Dastlab, ular oilalarga maishiy chiqindilarni uy sharoitida uch turga ajratish va keyin tegishli yig‘ish punktlariga olib borish tartibini tushuntirish maqsadida seminarlar tashkil etdilar.
Shu bilan birga, ko‘ngillilar shahar uchun raqamli xaritalash tizimini yaratishdek katta texnik vazifani ham o‘z zimmalariga oldilar. Ular ko‘chalarni kezib, chiqindilar infratuzilmasi obyektlarining joylashuvini aniqladilar, kommunal chiqindi konteynerlarini suratga oldilar va ularning aniq GPS koordinatalarini markazlashgan ma’lumotlar bazasiga kiritdilar.
Ushbu real vaqt rejimida yangilanadigan ma’lumotlar raqamli chiqindilar xaritasiga uzatiladi. Kelgusida bu xarita kommunal xizmatlar guruhlariga chiqindilarni yig‘ish yo‘nalishlarini maqbullashtirish, qayta ishlash jarayonlarini kuzatish va tozalash ishlarini talab qiladigan ekologik muammoli hududlarni aniqlash imkonini beradi.
Yangi chiqindilarni saralash tizimini yoshlarning mahallalardagi targ‘ibot ishlari va raqamli xaritalash bilan birlashtirish orqali Namangan butun shahar bo‘ylab har bir mahallaga oson tatbiq etish mumkin bo‘lgan sodda va samarali chiqindilarni boshqarish tizimini shakllantirmoqda.
2-tashabbus: Madaniyat va ijodkorlik — ekologik festivallar harakati
Maishiy chiqindilarni boshqarish borasidagi sa’y-harakatlarga qo‘shimcha ravishda, yoshlar guruhi atrof-muhitni muhofaza qilish madaniyatini keng yoyish maqsadida BMTTD boshchiligida shahar bo‘ylab o‘tkazilgan ekologik festivallarni tashkil etish va o‘tkazishda muhim rol o‘ynadi.
Ushbu jonli va rang-barang tadbirlar iqlim masalalariga oid tashabbuslarni amaliy tarzda namoyon etdi. Festivallarda ko‘ngillilar qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan ijodiy liboslarda qatnashgan moda namoyishlari hamda tabiiy materiallardan qo‘lda yasalgan buyumlar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Tadbirlar ko‘plab oilalar, an’anaviy hunarmandlar va o‘z faoliyatiga ekologik yondashuvlarni joriy etishni o‘rganishga intilgan mahalliy tadbirkorlarni bir joyga jamladi.
“Qo‘shnilarimiz obod yashil hududlarimiz va toza ko‘chalarimizni ko‘rganlarida, ota-onalar farzandlarini bizdan o‘rganish uchun olib kela boshladilar, mahalliy hunarmandlar esa navbatdagi tadbirimizda qatnashish istagini bildirdilar. Jamiyatimiz birlashganini ko‘rish kichik mahalliy qadamlar katta madaniy o‘zgarishlarga olib kelishini isbotladi”, — deydi Zulfiya.
Mahallalarda erishilgan ushbu muvaffaqiyatlarga tayangan holda, yoshlar harakati shahar rahbarlari bilan faol muloqot o‘rnatdi. Bu orqali avlodlar o‘rtasidagi tafovutni qisqartirish va iqlim masalalari bo‘yicha yangi, innovatsion g‘oyalarni ilgari surish imkoniyati yaratildi.
Shahar hokimligi yoshlarning ushbu faolligini qo‘llab-quvvatlab, Harakatlar rejasiga yoshlar uchun mo‘ljallangan maxsus infratuzilmani kiritdi. Namanganda har yili 3 000 nafardan ortiq yoshni iqlim barqarorligi bo‘yicha seminarlarga jalb etishga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan “Urban Coworking” yoshlar markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ekologiya va iqlim o‘zgarishiga moslashish mavzulariga oid 1 000 dan ortiq kitobni o‘z ichiga oladigan interaktiv “Yashil kutubxona” ham tashkil etiladi.
“Oilaviy hayotda ota-onalar farzandlariga keksayganlarida ulardan g‘amxo‘rlik ko‘rish umidida mehr berib, ularni parvarish qiladilar. Yoshlarning ko‘ngillilik faoliyatida esa ular qo‘shnilari va hatto hech qachon uchratmasliklari mumkin bo‘lgan kelajak avlodlar uchun beg‘araz g‘amxo‘rlik ko‘rsatadilar”, — deydi Farruxbek. — “Yuzlab yoshlarning ana shu beg‘araz maqsad yo‘lida birlashganini ko‘rish Namangan kelajagiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaydi”.
Ko‘ngillilarning umumiy surati. Chapdan o‘ngga: Farruxbek Qosimov, Zulfiya Adasheva, Ulug‘bek va Ahmadjon Mamadjanov. Foto: BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi.
Ushbu maqola “Bardoshlilik qahramonlari” nomli uch qismli hikoyalar turkumining ikkinchi qismi bo‘lib, unda O‘zbekistonning Namangan shahri iqlim masalalarida mahalliy ehtiyojlarga mos va barcha uchun ochiq yondashuvni qanday ilgari surayotgani yoritiladi.
1-qismda biz iqlim o‘zgarishiga moslashgan shaharni barpo etish uchun poydevor yaratgan Dilbar va Ismoil kabi mahalliy rahbarlar bilan tanishdik. 2-qism — “Yashil avlod”da Namanganning iqlim rejasini hayotga tatbiq etish uchun o‘z mahallalarini safarbar qilayotgan yosh faollar haqida hikoya qilamiz. 3-qism — “Landshaftni qayta shakllantirish”da esa Namangan siyosiy qarorlarni amaliy himoya choralariga qanday aylantirayotgani va shahar bo‘ylab barqaror infratuzilmani qanday rivojlantirayotganini ko‘rib chiqamiz.
Ushbu turkum Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan va UNDP tomonidan amalga oshiriladigan “Markaziy Osiyoda ofatlar xavfi va iqlim o‘zgarishiga nisbatan shaharlar barqarorligini oshirish” mintaqaviy tashabbusi doirasida tayyorlandi.