Yevropa Ittifoqi va UNDP Namangan viloyatining Chorkesar MFYsida yangi sport va suv inshootlarini qurishdi

21-September, 2026
Foto: UNDP O‘zbekiston

Chorkesar, Pop tumani, Namangan viloyati, O‘zbekiston | 2026-yil 16-sentabr kuni Namangan viloyatidagi Chorkesar mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi 3-maktabda zamonaviy futbol maydoni, voleybol maydonchasi va suv tozalash tizimining rasmiy ochilishini marosimiga yig‘ilishdi. Inshootlarni takomillashtirish UNDP (BMT Taraqqiyot Dasturi) va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) tomonidan birgalikda amalga oshirilgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan "Markaziy Osiyodagi uran merosi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda manfaatdor tomonlarni jalb qilish (III bosqich)" loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Yangi ochilgan inshootlar qurilishi mahalla aholisi tomonidan eng muhim deb hisoblagan muammolar orasidan ovoz berish yo‘li orqali tanlab olindi. Yangi sport inshootlari o‘quvchilar va mahalliy aholiga jismoniy mashqlar qilish, muloqot qilish va bo‘sh vaqtlarini o‘tkazish uchun xavfsizroq va qulayroq joylarni yaratib berdi. Yangi o‘rnatilgan suv tozalash tizimi maktab bog‘ini qayta ishlangan suv bilan ta’minlaydi. Ushbu inshootlar mahalla aholisi, mahalliy manfaatdor tomonlar va xalqaro hamkorlar - jumladan, Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot Dasturi va YXHT – aholi ehtiyojlari atrofida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilganda qanday natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatadi.

“O‘quvchilarimiz uchun bu yangi inshootlar faqat yaxshilangan infratuzilma emas, balki undan ko‘proq ma’no kasb etadi. Ular bolalar o‘rganishi, sport bilan shug‘ullanishi va o‘z salohiyatini oshirishi mumkin bo‘lgan xavfsiz va sog‘lom muhitni yaratadi”, dedi Chorkesardagi 3-maktab direktori Odiljon Nishonov. “Zamonaviy sport maydonchalariga kirish va yaxshiroq o‘qish sharoitlari o‘quvchilarimiz va mahallamizga uzoq yillar davomida ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.”

O‘nlab yillar davomida Markaziy Osiyo bo‘ylab Chorkesar tumani kabi sobiq uran qazib olish hududlaridagi jamoalar uran merosi joylashgan joylar bilan bog‘liq ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga duch kelishgan. Jismoniy tiklash ishlari ekologik xavflarni kamaytirish uchun juda muhim bo‘lsa-da, barqaror tiklanish uchun turmush darajasini yaxshilaydigan, mahalliy xizmatlarni mustahkamlaydigan va kelajak avlodlar uchun imkoniyatlar yaratadigan investitsiyalar ham talab etiladi. Chorkesar ushbu integratsiyalashgan yondashuv jamoalarga zaiflikdan barqarorlikka o‘tishga qanday yordam berishi mumkinligini namoyish etmoqda.

Infratuzilmani yaxshilashdan tashqari, loyiha Chorkesarda daromad olish imkoniyatlarini mustahkamlashga qaratilgan jamoatchilik tomonidan beriladigan grantlar orqali mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bunga ayollar va bolalar sog‘lomlashtirish markazi, innovatsion asalarichilik, quritilgan mevalarni qadoqlash, bodomni qayta ishlash, sut mahsulotlarini qayta ishlash va tikuvchilik biznesi kiradi. Ushbu tashabbuslar ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish va uzoq muddatli jamiyat rivojlanishiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Loyiha haqida

"Markaziy Osiyodagi uran merosi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda manfaatdor tomonlarni jalb qilish (III bosqich)" loyihasi Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilib, UNDP va YXHT tomonidan amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbus uran merosi ob’ektlaridan zarar ko‘rgan jamoalarni manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik, jamoatchilik tomonidan boshqariladigan rivojlanish va ekologik xavfsizlik, chidamlilik va barqaror iqtisodiy imkoniyatlarni mustahkamlovchi choralar orqali qo‘llab-quvvatlaydi.