Ongarbay Mambetmuratovning tunuka biznesi: Mehnat, orzu va imkoniyatlar

Muallif: Iroda Muminova

29-January, 2025
a man sitting in a chair
© O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanida yana bir yangi kun boshlandi. Qo‘llari mehnatdan dag‘allashgan, ko‘zlarida esa yillar o‘tib orzulari porlayotgan Ongarbay erta tongdan o‘z hovlisidagi ustaxonasiga razm soldi. Bu shunchaki bir ustaxona emas – bu uning yillar davomida qalbida pishitgan, har bir toshini orzu bilan qo‘ygan hayotining yangi sahifasi edi.

Uch farzandning otasi Ongarbay tadbirkorlikkacha bo‘lgan yo‘li Qozog‘iston Respublikasida ishlashdan boshlandi, musofirchilikda qurilish materiallarini ishlab chiqaradigan zavodda ishladi, tajriba orttirdi. Vaqt o‘tib esa vataniga qaytishga qaror qildi – uyga qaytishga, oilasi bag‘rida bo‘lishga va o‘z ishini boshlashga.

Ongarbay vataniga qaytgach, qishloqdagi ehtiyojlarni o‘rganib chiqdi. Tumanida qurilish materiallari ishlab chiqarish deyarli yo‘qligini, o‘zida esa katta imkoniyat borligini ko‘rdi. Tuman aholisi qurilish materiallarini shahardan olib kelar, tumanda hech kim tunuka ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmas edi.

Bolalik yillarida qiyinchiliklarni boshdan kechirgan va oilasidan uzoqda ishlashga majbur bo‘lgan qahramonimiz uchun oilasi, farzandlari bag‘rida hovlisining bir burchagida tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi chinakam omad eshiklarining ochilishi bo‘ldi. 18 yoshidan beri ustachilik bilan shug‘ullanib kelgan Ongarbay uchun ushbu tadbirkorlik faoliyatini boshlash uning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirdi. 

“Dastlabki vaqtlarda cheklangan resurslar va uskunalar sabab biznesim sust edi”,
- deydi Ongarbay tadbirkorlik faoloyatining ilk kunlarini eslab.

Lekin, u hech qachon o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmadi va rivojlanish uchun har qanday imkoniyatni izlashga harakat qildi. Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan dastur doirasida o‘tkazilgan biznes-loyihalar tanlovi esa Ongarbayning faoliyatida keskin burilish yasadi. Ushbu tanlov istiqbolli kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni taklif qildi va Ongarbay buni uzoq kutilgan imkoniyat deb bildi. U tanlovda g‘olib bo‘lib, biznesini kengaytirish uchun zarur moliyaviy yordamga ega bo‘ldi. Natijada, yanada zamonaviy uskunalarni sotib olishga, materiallar sifatini oshirishga hamda ishlab chiqarish quvvatini kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi. 

a man cooking in a kitchen preparing food
© O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Ongarbayning biznesi jadal rivojlandi va yuqori sifatli, ekologik toza tunukalarga talab ortib bordi. Hozirda uning kichik korxonasi tarnov quvurlari, ulagichlar va shu kabi tunukadan turli xil qurilish hamda xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Uning muvaffaqiyati nafaqat hayotini, balki mahalladoshlarining ham taqdirini ijobiy tomonga o‘zgartirdi - u hozirda uch kishini ish bilan ta’minlamoqda. 

Bundan tashqari Ongarbay, tajribasi va bilimlarini boshqalar bilan bo‘lishishni o‘z burchi deb biladi. U qo‘shnilari va mahalliy tadbirkorlarga maslahat berib, kichik biznesni yo‘lga qo‘yish va imkoniyatlarni aniqlash borasida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmoqda. Bu bilan u Nukus tumanidagi ishbilarmon tadbirkorlarga ustoz bo‘lib, qat’iyat va zukkolik bilan qiyinchiliklarni imkoniyatga aylantirish mumkinligini ko‘rsatdi.

motorcycle,sitting,knife,cake,leather,zebra,cutting,fork,plate,engine,woman,table,pan,baseball,holding,large,laying,kitchen
© O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Kelajakda u ishlab chiqarish jarayonida qayta ishlangan materiallardan foydalanish kabi ekologik toza amaliyotlarni joriy qilishni rejalashtirmoqda va kichik korxonasining imkoniyatlarini kengaytirib, katta zavod qurishni niyat qilgan. Ongarbayning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, hatto kichik mahalliy biznes ham, zarur resurslar va qat’iyat bilan, uzoq vaqt davomida yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkin bo‘lgan gullab-yashnayotgan korxonaga aylanishi mumkin.

Loyiha haqida: BMT Taraqqiyot Dasturining “Iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali Orolbo‘yi mintaqasida barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash loyihasi" Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, 2023-2025 yillarda amalga oshirilmoqda. Qoraqalpog‘istonning eng zaif hududlarida yashovchi aholining iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etishga qaratilgan va ular Orol dengizidagi inqirozni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining siyosati va strategiyalariga to‘liq mos keladi.