“Fuqarolar uchun byudjet: 2021 yilda sog‘liqni saqlash uchun davlat xarajatlari”

“Fuqarolar uchun byudjet: 2021 yilda sog‘liqni saqlash uchun davlat xarajatlari”

4-December, 2021

Moliya vazirligining qo‘shma loyihasi va BMTTDning “O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni moliyalashtirish” loyihasi ko‘magida chop etiladigan “Fuqarolar uchun byudjet” yillik axborot nashri keng jamoatchilikni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti bilan tanishtiradi. Yil davomida o‘quvchilar quyidagi uchta nashr bilan tanishishi mumkin: qabul qilingan byudjet, o‘tgan yilgi byudjet ijrosi va keyingi yil uchun byudjet loyihasi.

Joriy yilda Davlat byudjetiga doir qator nashrlar sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishga oid nashr bilan to‘ldiriladi. Yangi nashr “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 25 dekabrdagi O‘RQ–657-son Qonuniga muvofiq tasdiqlangan va ijro etilayotgan sog‘liqni saqlash xarajatlariga bag‘ishlangan.

Ushbu nashrda 2019-2021 yillardagi sog‘liqni saqlash xarajatlari haqida batafsil axborot keltirilgan, byudjet darajalari bo‘yicha xarajatlar tarkibi (respublika va mahalliy), ambulatoriya va statsionar yordam xarajatlari, shuningdek kapital va joriy xarajatlar, shu jumladan ish haqiga va ushbu sohada kadrlar tayyorlashga sarflanadigan joriy xarajatlar ko‘rsatilgan.

Alohida bo‘limda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ijtimoiy va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarni kamaytirish bo‘yicha davlat dasturlari xarajatlari ochib berilgan.