Yevropa Ittifoqi ekspertlar delegatsiyasi Nukusga monitoring maqsadida tashrif buyurdi
16-March, 2023
Bugun Yevropa Ittifoqi institutlarining ekspertlar guruhi Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrifning maqsadi - milliy hamkorlar bilan uchrashish, kelgusidagi oʻzaro munosabatlar istiqbollarini muhokama qilish, Orolbo'yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo'yicha ko'p sherikli trast fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan amaldagi qoʻshma dasturlari, ya’ni "Orolboʻyi hududining yaxshi himoyalanmagan hamjamiyatlaridagi iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarni hal qilish uchun yoshlar va zaif aholining moslashuv salohiyatini mustahkamlash orqali ijodiy va innovatsion imkoniyatlarini rivojlantirish", BMTTD va YUNESKOning “Barqaror qishloq hududlari rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash orqali Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligining dolzarb muammolarini hal qilish” hamda BMTTD, UNISEF va FAOning “Orolbo'yi mintaqasida yashil va innovatsion rivojlanish orqali yoshlarning porloq kelajakka erishish yo'lida huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” kabi qo'shma loyihalar bilan tanishish va ushbu qo’shma dastur natijalarini monitoring qilishdan iborat edi.
Uchrashuvda, shuningdek, BMTTDning O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirishning kompleks yo'l xaritasi bo'yicha tizimli yondashuvni ilgari surish bo'yicha hamkorligi, Islom taraqqiyot banki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan qishloq infratuzilmasini rivojlantirish dasturi, Orol dengizidagi inqirozning oqibatlari va biologik xilma-xillikni saqlash tashabbuslari bo'yicha olib borilayotgan hamkorlikdagi ishlar muhokama qilindi.
BMTTDning Nukus filiali tashrifi yakunida Yevropa Ittifoqi vakillari uchun Qo'shma dastur benefitsiarlari tomonidan ko'rgazma tashkil qilindi.
Startap tashabbus g’oliblari o’zlarining loyihalarini Yevropa Ittifoqi vakillariga taqdimot qilishdi. Shuningdek, loyihaning jamoa rahbarlari o'z loyihalarini amalga oshirishda duch kelgan qiyinchiliklar, shu kungacha erishilgan natijalar, shuningdek, kelgusi yil rejalari haqida gapirib berishdi. Xususan, "Intuza Akademiyasi dasturchilar maktabi" loyihasi rahbari Alpamishning aytishicha, bugungi kunda ularning loyihasi “freelancer” larni tayyorlash bo'yicha to'liq o'quv markaziga aylangan va bugungi kunda ularning kurslarining 50 dan ortiq bitiruvchilari IT sohasida freelancer sifatida ishlamoqda. "Bilim" loyihasi rahbari Gulnara o'z loyihasi doirasida yana 2 ta loyiha paydo bo’lganini va bugungi kunda u "Qiriq qiz" yosh qizlar hamjamiyatining yetakchilari ekanligini ma'lum qildi. O'z navbatida, "Mo'ynoq tumanida suv texnologiyalarini takomillashtirish" loyihasi yetakchisi Adilbay o'z texnologiyasini Qoraqalpog'istonning boshqa tumanlarida joriy etish rejalari haqida so'zlab berdi. Uchrashuv ishtirokchilari jamoalarga o'zlarini qiziqtirgan savollarni berish, shuningdek, ularga batafsil javob olish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Bundan tashqari, boshlang'ich loyihalarini endigina boshlayotgan bir nechta jamoalar ham uchrashuv davomida o'z g'oyalarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo'lishdi.
Qo'shma dastur doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi yoshlari o'rtasida innovatsion startap-g'oyalarni rivojlantirish uchun sharoit yaratish maqsadida Qoraqalpog'iston Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda, Nukus Yoshlar Markazining 2 xonasida startap-akselerator va startap-laboratoriya tashkil etilgan bo’lib, shu kungacha Qoraqalpog'iston yoshlari kerakli bilimlarni egallab, o'zlarining startap loyihalarini yaratish uchun yangi innovatsion g'oyalarni yaratmoqdalar.
Bugungi kunga qadar qo'shma dastur 72 nafar yoshlar uchun boshlang'ich treninglar, loyihalarni ishlab chiqish bo'yicha mashg’ulotlar tashkil etdi. Bundan tashqari, startap-loyihalar tanlovi tashkil etilgan bo’lib, 6 ta loyiha Qo'shma dastur tomonidan moliyaviy qo'llab-quvvatlandi. Hozirda 6 ta startap loyiha yetakchilari jamoadoshlari bilan birgalikda o'z maqsadlariga erishish uchun loyiha faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqdalar.
Qoraqalpog'istonga tashrifini yakunlar ekan, delegatsiya vakillari Nukusdagi Perinatal Markazga tashrif buyurib, erishilgan natijalar va ularning Nukus shahrining sog’liqni saqlash yo’nalishiga ta’siri bilan tanishdilar.
Eslatib o’tamiz, O'zbekistondagi Orolbo'yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo'yicha ko'p sherikli trast fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTD, UNFPA va FAOning "Orolboʻyi hududining yaxshi himoyalanmagan hamjamiyatlaridagi iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarni hal qilish uchun yoshlar va zaif aholining moslashuv salohiyatini mustahkamlash orqali ijodiy va innovatsion imkoniyatlarini rivojlantirish" Qo'shma dasturi 2021-yil yanvar oyida ishga tushirilgan edi. Dastur asosan "Yoshlar", "Innovatsiyalar" va "Sog'liqni saqlash" mavzulariga bag'ishlangan bo'lib, Orolbo'yi mintaqasida COVID-19 tufayli kelib chiqqan omillarni bartaraf etishga qaratilgan.