Tadbirkorlik faoliyatida mentorlikning o‘rni: Farg‘ona vodiysida tadbirkor qizlar va ayollar uchun yangi mentorlik bo’yicha loyihasi ishga tushirildi

4-August, 2022
Fotosurat: “Tadbirkor ayol” Assotsiatsiyasi

Joriy yilning 14-15 iyul kunlari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida Farg‘ona vodiysidagi tadbirkor ayollar va yoshlar uchun mentorlik va ustozlik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha yangi loyiha ishga tushirildi. Ushbu dastur “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi tomonidan BMTTDning “Markaziy Osiyoda savdoni rivojlantirishga ko’maklashish” loyihasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Dastur tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayollarning mentor bo‘lish salohiyatini oshirishga qaratilgan. O‘qitilgan mentorlar so’ng mentorlik orqali tadbirkor bo’lish istagida bo‘lgan ayollar va yosh tadbirkorlarga qishloq joylarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda ko‘mak beradi.

Farg‘ona vodiysi diqqat-e’tibor ob’ektiga aylangani bejiz emas. BMTTD mutaxassislari tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida eksport va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun eng yuqori salohiyatga ega beshta mahsulotni aniqlandi. Bundan tashqari, boshqa mahsulotlar – quritilgan meva va yong‘oqlar, quritilgan sabzavotlar, yeryong‘oq, mosh, murabbo va meva pyuresining qo‘shilish zanjiri aniqlandi. Bu hudud tuprog‘ining unumdorligi maqsadli ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.

Fotosurat: “Tadbirkor ayol” Assotsiatsiyasi

Mentorlik dasturi orqali dastur ishtirokchilari yuqori qo‘shimcha qiymatga ega va yuqori sifatli bozorlarga mo’ljallangan yashil va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish orqali ustuvor tarmoqlarda yangi ish o‘rinlarini yaratishi kutilmoqda.

Dastur joriy yilning iyun oyidan oktyabr oyigacha 3 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 180 dan ortiq ayol va qizlar ishtirok etdi. Ilk orientatsiya seminarlari tanishuv, qizg‘in bahs-munozaralar, tajriba almashish tarzida o‘tkazildi, bu esa mentor va menti – ustoz va shogirtlarni aniqlash, shuningdek, tashkilotchilarga kelajak ishbilarmon ayolning barcha afzalliklari va istaklarini inobatga olgan qishloq ayollarining mahorati va tajribasi asosida o‘quv dasturini ishlab chiqish va takomillashtirishga yordam berdi.

Fotosurat: “Tadbirkor ayol” Assotsiatsiyasi

Loyihaning ikkinchi bosqichi bir qator treninglar bilan boshlandi, unda ishtirokchilar ustoz va shogirt o‘rtasida hamkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida guruhlarga bo‘lingan. Assotsiatsiya va BMTTD tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinadigan bir qator treninglar tufayli mentorlar biznes g‘oya kontseptsiyasini ishlab chiqishning nazariy asoslari va amaliy misollarini o‘rganishlari, mentilar esa tadbirkorlikdagi salohiyatini oshirishi, rejalashtirish va biznesni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Yakuniy bosqichda ishtirokchilar dastur yakunida taqdim etadigan biznes-rejalarni ishlab chiqish va biznes g‘oyalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. BMTTDdan keyingi texnik va moliyaviy ko'mak uchun har bir hududdan uchta eng yaxshi biznes-reja tanlab olinadi.

Fotosurat: “Tadbirkor ayol” Assotsiatsiyasi

Eslatib oʻtamiz, BMT Taraqqiyot dasturining “Markaziy Osiyoda savdoni rivojlantirishga ko’maklashish” loyihasi Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va mamlakatda savdoni rag'batlantirish, bandlik va potentsial yashil sektorlarda tovar ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyatlarini oshirish, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan barqaror o'sish modellariga hissa qo'shish uchun mo'ljallangan.