2021 yilda sog‘liqni saqlash uchun davlat xarajatlari e’lon qilindi

4-December, 2021

Bu yil birinchi marta Davlat byudjeti bo‘yicha nashrlar qatorini sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish bo‘yicha nashr to‘ldiradi. Yangi nashr sog‘liqni saqlash xarajatlariga, jumladan, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari, ambulatoriya va statsionar yordam uchun xarajatlar, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash bo‘yicha davlat dasturlari xarajatlari va boshqa xarajatlarga bag‘ishlangan. Sog‘liqni saqlashni davlat tomonidan moliyalashtirish 2021 yilda jami 21 047,8 mlrd so‘mni yoki YAIMning 3,1 foizini tashkil etadi.

Moliya vazirligining qo‘shma loyihasi va BMTTDning “O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni moliyalashtirish” loyihasi ko‘magida chop etiladigan “Fuqarolar uchun byudjet” yillik axborot nashri keng jamoatchilikni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti bilan tanishtiradi. Yil davomida o‘quvchilar quyidagi uchta nashr bilan tanishishi mumkin: qabul qilingan byudjet, o‘tgan yilgi byudjet ijrosi va keyingi yil uchun byudjet loyihasi.

Joriy yilda Davlat byudjetiga doir qator nashrlar sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishga oid nashr bilan to‘ldiriladi. Yangi nashr “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 25 dekabrdagi O‘RQ–657-son Qonuniga muvofiq tasdiqlangan va ijro etilayotgan sog‘liqni saqlash xarajatlariga bag‘ishlangan.

O‘tgan yilda bo‘lganidek, 2021 yilda ham jahonda koronavirus infeksiyasi pandemiyasi davom etmoqda, bu sog‘liqni saqlash tizimiga bosimni sezilarli darajada oshirmoqda va katta xarajatlarni talab qilmoqda. 2021 yilda Davlat byudjetida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlariga 3 trln so‘m ajratilishi nazarda tutilgan. Epidemiologik vaziyatning murakkablashishi va koronavirusga chalinishning oshishi ushbu maqsadlar uchun xarajatlarning qayta ko‘rib chiqilishiga olib keldi.

Joriy yil oxirigacha 4,3 trln so‘m ajratiladi. Jumladan, vaksina sotib olish va aholini emlash uchun 1,4 trln so‘m ajratiladi. Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishga sarflanayotgan xarajatlarning ko‘payishi 2021 yilda sog‘liqni saqlash sohasining boshqa xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar hajmiga ta'sir qilmadi. Sog‘liqni saqlashni davlat tomonidan moliyalashtirish 21 047,8 mlrd so‘mni yoki YAIMning 3,1 foizini tashkil etadi.

Ushbu nashrda 2019-2021 yillardagi sog‘liqni saqlash xarajatlari haqida batafsil axborot keltirilgan, byudjet darajalari bo‘yicha xarajatlar tarkibi (respublika va mahalliy), ambulatoriya va statsionar yordam xarajatlari, shuningdek kapital va joriy xarajatlar, shu jumladan ish haqiga va ushbu sohada kadrlar tayyorlashga sarflanadigan joriy xarajatlar ko‘rsatilgan.

Alohida bo‘limda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ijtimoiy va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarni kamaytirish bo‘yicha davlat dasturlari xarajatlari ochib berilgan. Ushbu maqsadlar uchun 2021 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligining markazlashtirilgan xarajatlar smetasida 1 009,0 mlrd so‘m nazarda tutilgan.

“Fuqarolar uchun byudjet: 2021 yilda sog‘liqni saqlash uchun davlat xarajatlari” deb nomlangan taqdim etilgan nashr bilan barcha manfaatdor shaxslar Moliya vazirligining rasmiy saytida (www.mf.uz), “Ochiq byudjet” axborot portalida (www.openbudget.uz) va BMTTDning saytida (uz.undp.org) tanishishlari mumkin.