“Yashil” sukuk O'zbekistonga barqaror rivojlanishga oid maqsadlarga erishishda va iqlim o'zgarishiga taluqli muammolarini yengishda yordam beradi

28-March, 2022

Image: UNDP Uzbekistan

Joriy yilning 25 mart kuni BMTTD, Moliya vazirligi, Xususiy sektorni rivojlantirish bo'yicha Islom korporatsiyasi (ICD) va “Ansher Capital” hamkorligida “Sukuk – O'zbekiston kompaniyalari va banklari uchun istiqbolli muqobil moliyalashtirish manbai” mavzusida vebinar tashkil etildi. Tadbir Islom tashkilotlarining moliyalashtirish vositalarini o'zlashtirish va kelgusi ishlar yo'nalishini belgilash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qilish sohasida qulay maydonga aylandi.

Vebinar ochilishida  Moliya vazirining o'rinbosari Ahadbek Xaydarov, BMTTD Doimiy vakili Matilda Dimovska, Xususiy sektorni rivojlantirish bo'yicha Islom korporatsiyasi Bosh direktori Ayman Sejiniy, shuningdek “Ansher Capital” kompaniyasi va Buyuk Britaniya Parlamenti Lordlar palatasi vakili kirish so'zi bilan ishtirok etdilar.

Ularning qayd etishicha, O'zbekiston hukumati keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirayotgani, kelgusi 5 yil ichida aholi boshiga mamlakat YAIMni 1,6 barobarga oshirishni maqsad qilgani hamda 2030 yilga kelib o'rtachadan baland daromadga ega davlatga aylanishni ko'zlagani tufayli ushbu vebinar katta ahamiyat kasb etadi. Mamlkat o'z oldiga belgilagan mazkur ulkan maqsadlar davlat hamda xususiy sektor tomonidan salmoqli moliyaviy manbalarni talab qiladi.

Bugungi kunda Islom tashkilotlarining moliyalashtirish vositalari, jumladan sukuk, moliyalashtirishning yangi istiqbolli manbaiga aylandi. Sukuk moliyaviy vositasi nafaqat musulmon mamlakatlari, balki butun dunyoda e'tirof etilmoqda. “Fitch Rating” ma'lumotlariga ko'ra, faqatgina 2021 yilning o'zida jahon bo'ylab muomalaga chiqarilgan sukuk obligatsiyalarining umumiy qiymati 252 milliard AQSH dollariga yetdi. Bu orada, bozor muomalasida bo'lgan sukukning jami qiymati 711 milliard AQSH dollaridan oshdi.

BMTTD Doimiy vakili Matilda Dimovska o'zining kirish nutqida “yashil” sukukning ham BRMni moliyalashtirish uchun muqobil vosita sifatida, ham iqlim o'zgarishi sohasi kun tartibini qo'llab-quvvatlash vositasi ko'rinishida ikki xil afzalligini ta'kidlab o'tdi. “Yashil” sukuk, masalan yangilanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligiga ega texnologiyalarni joriy etish, qattiq chiqindilar bilan ishlash va boshqalar kabi ekologik jihatdan barqaror loyihalarni moliyalashtirish uchun yo'naltiriladi.

“Shularni inobatga olgan holda, BMTTD tomonidan Islom taraqqiyot banki hamkorligida O'zbekistonda “yashil” sukukni joriy etish uchun qulay muhitni yaratishda mamlakat hukumatiga yordam berishga qaratilgan texnik ko'mak loyihasi yo'lga qo'yildi. Ushbu tashabbusning maqsadi tegishli qonunchilik va normativ-huquqiy bazani, shuningdek Yashil sukuk vositalari to'g'risidagi nizomni va boshqalarni ishlab chiqishdan iborat”, - deya qo'shimcha qildi Matilda Dimovska.

Vebinar davomida asosiy so'zga chiqishlar va muhokamalar O'zbekistonda sukuk va yashil sukukni joriy etishning amaliy masalalariga bag'ishlandi. “White & Case” xalqaro yuridik kompaniyasining vakili Debashis Dey O'zbekistoning kapital bozoriga “yashil” sukukni chiqarish uchun qulay muhitni yaratishga doir ishlarning yo'nalishi bilan tanishtirib o'tdi.

“Ansher Capital” kompaniyasining Boshqaruvchi direktori Toshtemir Xaydarov O'zbekiston kompaniyalari uchun sukuk obligatsiyalarini chiqarishning amaliy jihatlari haqida so'zladi.

Vebinar yakunida ishtirokchilar va ekspertlar o'zaro fikr almashib, O'zbekistonda moliya mahsulotlarini diversifikatsiyalash va Islom tashkilotlari moliya vositalarini joriy etish bo'yicha o'z takliflarini bayon etdilar.